Yevropa kompaniyalari javob choralaridan xavotirlanishi kerakmi, degan savolga Pazder «Bu sodir boʻlishi mumkin va Amerika bozorining hajmini hisobga olganda, bu ular uchun vayronkor oqibatlar keltirib chiqaradi», deb javob qaytardi.

Elchining fikricha, AQShda bu poygada gʻalaba qozonish uchun barcha zarur imkoniyatlar mavjud.

«Biroq Yevropa bilan urushish oʻrniga hamkorlik qilishimiz osonroq boʻlardi», - dedi u.

AQShning bu ogohlantirishi Yevrokomissiya sunʼiy yoʻldoshlar orqali smartfonlarga toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa xizmatlarini koʻrsatish uchun radiochastotalarni taqsimlash qoidalarini oʻzgartirish rejalarini ishlab chiqayotgan bir paytda yangradi.

Taklifga koʻra, 2 GGs chastota diapazonining bir qismi davlat xizmatlari uchun, qolgan qismi esa tijorat maqsadlariga ajratiladi. Bunda tijorat spektridan foydalanish Yevropa operatorlariga ustunlik beradigan tarzda tartibga solinadi. Bu esa SpaceX, jumladan, Starlink tarmogʻini boshqarayotgan Amerika hamda Xitoy kompaniyalarining imkoniyatlarini cheklashi mumkin.

Yevropada radiochastota spektrini taqsimlashga kiritilishi taklif etilayotgan oʻzgarishlar SpaceX kompaniyasining keskin tanqidiga sabab boʻldi. Kompaniya bu Ukrainada aloqa sifati yomonlashishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Shu bilan birga, avvalroq YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha vakili Kaya Kallas Yevropa Ittifoqi qisqa muddat ichida Ukrainani Starlink sunʼiy yoʻldosh aloqa tizimiga muqobil texnologik yechim bilan taʼminlash imkoniyatiga ega emasligini taʼkidlagandi.