2025 yilda 2 mingdan ortiq mahallada o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ulardagi bino va inshootlar Kadastr agentligi tomonidan xatlovdan o‘tkaziladi. Agentlik vakiliga ko‘ra, fuqarolarning ko‘p hollarda uylarida bo‘lmasligi va boshqa sabablar ortidan xatlov jarayonlari cho‘zilmoqda. Mulk huquqini e’tirof qilish bo‘yicha hozirda 5 980 ta yer uchastkasi barcha kelishuvlardan o‘tib, muhokamaga qo‘yilgan. 100 ga yaqin ko‘chmas mulk esa Adliya vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilib, keyingi bosqichga jo‘natilgan.

2024 yilda O‘zbekistonda 9 462 ga yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingan. Shundan 4,5 ming ga yer ixtiyoriy ravishda qaytarilgan. Qolgani yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan sudlarga da’vo arizalari kiritilgan. Bu haqda Kadastr agentligi tomonidan 24 mart kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Tadbirda Kun.uz muxbiri agentlik mas’ullaridan o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga “amnistiya” e’lon qilingan qonun ijrosi haqida so‘radi.

Qonun bilan 8 toifadagi obektlar uchun mulk huquqini rasmiylashtirishga ruxsat berilgandi. Bunda yer uchastkalarini e’tirof etish inson omilisiz bo‘lishi, 4 mln nafarga yaqin fuqaroni qamrab olishi aytilgandi. Kadastr agentligi direktori o‘rinbosari Mirsaid Mirmaqsudovga ko‘ra, ayni paytda 5 980 ta yer uchastkasi barcha kelishuvlardan o‘tib, muhokamaga qo‘yilgan.

E’tirof.kadastr.uz saytiga kirib ko‘rishingiz mumkin. Aniq ma’lumotni bilmayman, lekin taxminan 100 ga yaqin ko‘chmas mulklar Adliya vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilib, keyingi bosqichga jo‘natilyapti. Yaqinda bu yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish uchun to‘lov bosqichiga o‘tiladi. To‘lovlar qilingandan keyin mahalliy kengashlar tomonidan e’tirof etish uchun tegishli qarorlar qabul qilinadi”, deydi Mirsaid Mirmaqsudov.

Agentlik axborot xizmati rahbari Ne’matjon Otamurodovning aytishicha, yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazishda muammolar bor.

Xatlov bo‘ladigan mahallalar reja-jadvali tasdiqlangan. Qaysi mahallaga, qachon borilishi aytilgan. Hattoki mahalla raislari, faollar ogohlantirilgan. Shunga qaramay, fuqarolar uyda bo‘lmaydi, ayollar yoki bolalar bo‘ladi, eshikni ochmaydi. Oqibatda kadastr xodimi bitta uyga 5-6 marta borishiga to‘g‘ri kelyapti. Biz shaharda o‘tirib, buni oddiy qabul qilishimiz mumkin. Chunki transport bor. Lekin tumanning bir chekkasiga borguncha juda ko‘p vaqt va resurs yo‘qotilyapti”,