Angliya: «Liverpul»da noqulay raqib

«Fulhem» — «Liverpul» 3:2
Gollar: Sessenon (23), Ivobi (32), Muniz (37) — Mak Allister (14), Dias (72). 
«Fulhem» — Leno, Kastan, Andersen Bessi, Robinson, Lukich (Rid, 76), Berg, Sessenon (Traore, 82), Pereyra (Smit-Rou, 76), Ivobi (Tete, 82), Muniz (Himenes, 76). 
«Liverpul» — Kelleher, Jons, van Deyk, Konate (Bredli, 67), Roberson (Kiyeza, 83), Mak Allister, Gravenberh, Saloh, Soboslai (Elliot, 55), Gakpo (Dias, 55), Jota (Dias, 66). 
Ogohlantirishlar: Lukich (46), Smit-Rou (86), Leno (90+5). 

«Liverpul» futbolchilari diqqatini maksimal darajada jamlashi qiyin bo‘lmoqda. Qizillar Chempionlar ligasidan ham, milliy kubok turnirlaridan ham erta chiqib ketgan, chempionatda esa ikkinchi o‘rin bilan farq juda katta. Turnir jadvalidagi eng yaqin ta’qibchidan 11 ochko oldinda ketayotganda jamoa bo‘shashishi tabiiy, qolaversa, tur o‘yinini bir kun oldin o‘tkazgan «Arsenal» ham ochko yo‘qotgandi («Everton» bilan durang), «Fulhem»ga qarshi o‘yinda esa Mak Allisterning uzoq masofadan to‘qqizlikka aniq yo‘llangan zarbasi bilan tezkor gol urildi.

Lekin shundan keyin favoritlar uchun dahshatli o‘n besh daqiqalik ro‘y berdi. Avvaliga Jonsning jarima maydoni ichidagi xatosidan keyin to‘p Sessenonga kelib tushdi va u yaqin masofadan darvozani «o‘qqa tutdi». Keyin Ivobi rikoshet yordamida jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi, «Liverpul» mudofaasidagi navbatdagi xato esa odatda zaxiradan tushib gol uradigan Rodrigo Munizning birinchi bo‘limdayoq gol urishiga olib keldi. Bu qizillar APL o‘yinlarida hisobda oldinga chiqib olganidan keyin tanaffusgacha uchta gol o‘tkazib yuborishi bilan bog‘liq ilk holat bo‘ldi. Mehmonlar ikkinchi bo‘limda tinimsiz hujum uyushtirganiga qaramay, faqat Luis Dias gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Elliotning zarbasi to‘singa tekkanida esa mersisaydliklar mag‘lubiyatsiz seriyasini 26 turga uzaytirishi uchun so‘nggi imkoniyatdan ham foydalana olmadi. Slot shogirdlari sentabr oyidan buyon ilk bor mag‘lubiyatga uchradi.

«Fulhem» esa «Liverpul» uchun noqulay raqibga aylanib bormoqda. Qizillar so‘nggi to‘rt o‘zaro o‘yindan ikkitasida durang o‘ynab, bir marta yutqazdi. Bu mavsumda hozircha faqat «Fulhem» va «Nottinghem» bo‘lajak chempionlardan to‘rt ochko tortib olishga muvaffaq bo‘ldi. Holbuki so‘nggi yillargacha o‘zaro o‘yinlarda «Liverpul» mutlaq favorit bo‘lib kelgan, londonliklar «Kreyven Kottej»da bu raqibni 2011 yildan buyon yenga olmayotgandi. Endilikda 48 ochko bilan sakkizinchi o‘rinda borayotgan Marku Silva shogirdlari ochkolarining teng yarmini 1-10-o‘rinlardagi jamoalarga qarshi o‘yinlarda qo‘lga kiritgani ham jamoaning bu mavsumi haqida ko‘p narsani ko‘rsatib turibdi.