Oʻzbekiston va Ozarboyjon Kaspiy dengizida qoʻshma flot tashkil etish ishlarini jadallashtirish boʻyicha kelishuvga erishdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan muzokaralar yakunlari boʻyicha 23-avgust kuni OAV vakillari uchun bergan bayonotida aytildi.
«Transkaspiy koridorining salohiyatini birgalikda rivojlantiramiz, logistika infratuzilmasi samaradorligini oshiramiz, Kaspiy dengizida qoʻshma flot tashkil etish boʻyicha ishlarni faollashtiramiz», deyiladi bayonotda.
Mirziyoyevning taʼkidlanishicha, shuningdek,
- Ozarboyjon prezidentining Oʻzbekistonga davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega;
- Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi, u oʻzaro aloqalarni chuqurlashtirish, hamkorlikni kengaytirish va umumiy kelajakni barpo etishga boʻlgan mushtarak intilishni aks ettiradi;
- Ozarboyjon – bizning ishonchli ittifoqchimiz, strategik hamkorimiz va biz uchun qardosh davlat;
- Umumiy tarixiy ildizlar, koʻp asrlik doʻstlik, oʻzgarmas maʼnaviy qadriyatlar va mushtarak madaniyat munosabatlarimizni mustahkam qiladi;
- Bir necha yil avval tashkil etilgan Investitsiya jamgʻarmasi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surishda muhim rol oʻynamoqda;
- Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiyning adabiy merosiga bagʻishlangan qoʻshma badiiy filmning yaratilishi muhim voqea boʻladi;
- Futbol boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionati doirasida “Ikki mamlakat – bir chempionat” nomli keng koʻlamli davlatlararo dasturni amalga oshirishni taklif etdik;
- Muhokamalarimizning mazmuni va kengligi Oʻzbekiston – Ozarboyjon amaliy hamkorligining kun tartibi naqadar katta koʻlam va misli koʻrilmagan dinamikaga egaligini koʻrsatmoqda;
- Tashrif yakunlari ikki qardosh mamlakat oʻrtasidagi qoʻshma loyihalar va barqaror rivojlanish uchun yangi ufqlarni ochadi.









