«Espanyol» – «Barselona» 0:2
Gollar: Yamal (53), Fermin Lopes (90+5)
«Espanyol»: Garsiya, Kumbulla, Kabrera, Romero, Al Hiloliy, Losano (Milya, 60), de Sarate, Eksposito, Puado (Kalero, 82), Roka (Karreras, 68), Fernandes (Cheddira, 82)
«Barselona»: Shchensni, Arauxo (Kubarsi, 51), Kristensen (Fort, 77), Martin (Balde, 46), Garsiya, Pedri, de Yong, Olmo (Gavi, 77). Rafinya, Yamal, Levandovski (Fermin Lopes, 65)
Ogohlantirishlar: Cheddira (84), Kumbulla (90) – Kristensen (42), Shchensni (90).

«Barselona» mavsum yakuniga ikki tur qolgania chempionlikni rasmiylashtirdi. «Espanyol» bu Kataloniya derbisida ro‘y bermasligi uchun imkon qadar harakat qildi, ammo uddalay olmadi.

Flik bu mavsum uchun noodatiy tarzda o‘yinni to‘rt himoyachi bilan boshladi. Arauxo, Erik Garsiya, Martin, jarohat tufayli deyarli butun mavsumni o‘tkazib yuborgan Kristensen – ulardan hech birini hozirda asosiy tarkib futbolchisi deb bo‘lmaydi. Shu kuni «Barselona» ofsayd tuzog‘i ko‘ngildagidek ishlamagani va mezbonlar vaqti-vaqti bilan xavfli vaziyatlar yaratganini ham shu bilan izohlash mumkin. Bir necha holatda «Espanyol» hujum chizig‘i vakillariga aniqlik yetishmadi, Xavi Puado yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketgan vaziyatda esa Shchensni qutqardi.

Birinchi bo‘lim davomida «Espanyol» uchta yaqqol golli vaziyatga ega bo‘ldi – kutilgan gollar ko‘rsatkichi 1,13 xG. Ko‘k-anorranglilar to‘pga egalik qilgan va ko‘proq zarba bergan bo‘lsa-da, hujumlarni golli vaziyatlargacha yetkaza olmadi – kutilgan gollar ko‘rsatkichi 0,39 xG. Mehmonlardagi eng xavfli epizod Pedri o‘z uslubidagi pas bilan Dani Olmoni jarima maydoniga yo‘naltirganida yuzaga keldi, ammo himoyachilar Olmoga xalaqit berishdi, hujum davomida to‘pga ega chiqqan Levandovskining zarbasi esa xato ketdi. Pedri va Yamalning uzoq masofadan yo‘llagan zarbalari ham darvoza sohasiga to‘g‘ri bormadi.

Bunday murakkab va raqib zich himoyalangan o‘yinda kim gol urishi mumkin? Bu xuddi Messi davridagi kabi ritorik savol. Faqat hozirda «Barsa»ning o‘ng qanotida boshqa dohiy futbolchi harakatlanmoqda, ushbu chapoyoqli futbolchi shunchaki to‘pni oladi, oddiy harakat bilan markazga yuradi va bir-biridan chiroyli gollarni uradi. Yamalning yo‘lidan qancha raqib chiqishining ahamiyati yo‘q. Payshanba kuni esa negadir uni faqat bir futbolchi qarshi oldi (yana ikki himoyachi jarima maydoni ichida qolgandi va paytni boy berdi) va to‘p olis «to‘qqizlik»ka mixlandi.