21 may kuni Isroil askarlari Ğarb davlatlarining yuqori martabali diplomatlari, falastinlik rasmiylar va jurnalistlar iştirok etayotgan delegatsiyani tarqatiş maqsadida ogohlantiruvçi öq uzdi. Delegatsiya Isroil tomonidan bosib olingan Ğarbiy Sohildagi şahar – Jyeninni aylanib çiqayotgan edi. Bu haqda Falastin ma’muriyati va hodisa joyidan olingan televideniye lavhalariga tayanib, New York Times xabar bermoqda.
Hodisa natijasida heç kim jarohat olmagan, biroq bu holat Ğazo va Ğarbiy Sohilda olib borilayotgan harakatlar tufayli Isroil va uning xalqaro hamkorlari örtasidagi allaqaçon taranglaşgan munosabatlarni yanada kuçaytirdi. Öq uziş voqeasi Buyuk Britaniya, Fransiya va Kanada Isroildan Ğazodagi uruşni töxtatişni talab qilganidan ikki kun, Britaniya esa Isroil bilan savdo muzokaralarini töxtatganidan bir kun ötib sodir böldi.
Uşbu uç davlat diplomatlari çorşanba kuni Falastin ma’muriyati vakillari bilan birga Jyenin şahrini közdan keçirayotgan katta diplomatik delegatsiya tarkibida bölgan. Falastin ma’muriyati bu taşrifni Isroil harbiylari tomonidan qurolli guruhlarga qarşi amaliyotlar bahonasida şaharning bir çetidagi hudud egallab olinib, qisman vayron qilinganini körsatiş uçun taşkil qilgan edi.

Bu hudud «Jyenin qoçqinlar lageri» deb ataladi. Bu yerda, asosan, 1948 yil atrofidagi uruşlarda öz uylaridan quvib çiqarilgan falastinliklarning avlodlari yaşaydi. Videoga köra, taşrifning oxirida, delegatsiya a’zolari askarlardan taxminan 70 metr masofada turgan bir paytda, Isroil askarlari kamida yetti marotaba ogohlantiruvçi öq uzgan. Videolarda körsatilişiça, öq uziş jurnalistlar bilan intervyular ötkazilayotgan, ba’zi rasmiylar esa askarlarga orqa qilib turgan paytda boşlangan. Öq ovozidan söng delegatsiya tezda orqaga çekinib, ba’zilar yon köçaga yaşirindi.








