Rossiya armiyasiga yollangan yana bir O‘zbekiston fuqarosi jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, 1997 yilda tug‘ilgan A.U. Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida yashagan. U 2024 yilning 15 iyun kuni Rossiyaga borib, moddiy manfaat ko‘rish uchun ushbu davlat armiyasiga yollangan. U Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etgan. Biroq oskolka tegib, ko‘zidan jarohatlangan.
A.U. sudda aybiga iqrorlik bildirib, aralash jang san’ati bilan professional tarzda shug‘ullanganini, Moskvaga jang qilish uchun borganini bildirgan.
“Ilgari oilamizga tegishli do‘konlar bor edi. Men ularning ishini yuritib kelganman. Do‘konlarimiz bankrot bo‘lib, katta qarzdorlikka kirib qoldim. Bundan tashqari professional tarzda aralash jang san’ati bilan shug‘ullanib kelganman.
Katta qarzga kirganimdan so‘ng internet tarmog‘ida chet davlatlarda jang bo‘ladigan joylarni qo‘yib bordim. Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida jang chiqdi. Ushbu jangga boradigan bo‘ldim. U yerga borishdan oldin armanistonlik menejerlar bilan gaplashib oldim. Ular Rossiyaga borishimga ketadigan barcha xarajatlarni qoplab beradigan bo‘lishdi.
2024 yil 30 may kuni Moskva shahriga yetib bordim va armanistonliklar bilan uchrashdim. Ular menga jang bekor qilinganini aytishdi hamda qilingan xarajatlarni qoplab berishimni so‘rashdi. Yonimda umuman pul bo‘lmagani uchun nima qilishni bilmay qoldim. Armanistonliklar “bir soat vaqt ichida pullarimizni qaytarasan” deb turib olishdi va pasportimni garovga olib qo‘yishdi”, degan suddagi ko‘rsatmasida A.U.
Shundan so‘ng A.U. Moskvada “shartnomali xizmat” deb yozilgan reklama bannerini ko‘rib qolgan va unda ko‘rsatilgan manzilga borgan.
“U yerda Rossiya harbiylari bor ekan. Ulardan bu qanday shartnoma ekanini so‘raganimda harbiy shartnoma ekanini ma’lum qilishdi. “Shartnoma qilsam, pulini bugunning o‘zida berasizlarmi?” deb so‘radim. Pulni vaqtida berishini aytishdi. Keyin armanistonliklarga aytib pasportimni oldim va ularga qarzlarini berdim.
Shartnoma qilayotgan vaqtida O‘zbekistonda nima ish qilganimni so‘rashdi. Ishlab chiqarish texnikalarini yig‘ganman, dedim. Menga “harbiy texnikalarni ta’mirlash bilan shug‘ullanasan”, deyishdi. Rozi bo‘ldim va 1 yillik shartnoma imzoladim”, degan yigit.
Shu tariqa A.U.ni Rostov shahri Persiyanovka qishlog‘i atrofidagi harbiy paligonga olib borishgan. U yerda boshlang‘ich harbiy tayyorgarlikdan o‘tilgan. Bu vaqtda quroldan otish, to‘siqlardan o‘tish kabi mashg‘ulotlarni o‘rgatishgan. So‘ngra Ukrainaning Luhansk shahriga olib ketishgan. Bu yerda ular chuqurlashtirilgan harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazilgan va 2024 yil 5 avgust kuni urushga jalb qilingan.







