“Biroz o‘tib qaytib qo‘ng‘iroq qilishdi va men aytgan kasalxonada umuman bolalar davolanmasligi, bu shifoxona kattalarga va boshqa yo‘nalishdagi kasallarni davolashga mo‘ljallanganini aytishdi. Xullas, u yerda bunday bemor bola yo‘q edi”. Kun.uz'ning “Hayotiy hikoyalar” ruknida og‘ir kasal yoki kasalxonada vafot etgan farzandini olib ketish uchun pul zarurligini aytib, qarz so‘raganlarga chuv tushganlarning hikoyalarini o‘qing.

1-holat

Oxirgi paytda do‘q-po‘pisaga o‘tdi, “seni o‘zi Xudo urib qo‘ygan ekan” deb

Toshkentdagi kattaroq masjidlardan birining yonida kichik savdo bilan shug‘ullanaman, 2-guruh nogironiman – ko‘zim ojiz. Shu yerda tirikchilik qilib, ro‘zg‘or tebrataman. Bir kuni bekatda avtobus kutib turgan edim. O‘zini Nodir (ismlar o‘zgartirilgan) deb tanishtirgan yigit shaxsiy Spark mashinasida meni manzilimga eltib qo‘yishini aytib to‘xtadi. Bunday vaziyat ko‘p bo‘ladi, shuning uchun uning mashinasiga o‘tirdim. Yo‘l-yo‘lakay u o‘zining dardini ayta boshladi. Uylanib 11 yil farzandsizlikdan aziyat chekkani, vanihoyat yaqinda farzandli bo‘lganini, afsuski, bola 6 oylik tug‘ilgani, uni saqlab qolish uchun chala tug‘ilgan chaqaloqlarning kasalxonasiga o‘tkazishi zarurligi, ammo bunga puli yetmayotganini aytib, astoydil yig‘ladi.

Aytishicha, tog‘asiga qarz so‘rab borganida “sening chala tug‘ilgan bolang hali yashaydimi, yo‘qmi” deb pul bermaganini, bunaqa paytda qarindoshlar ham yuz o‘girishini, yigit kishiga og‘ir vaziyat ekanini iztirob bilan gapirdi. Xullas, shu tariqa mendan 5 maygacha 300 AQSh dollari qarz berib turishimni so‘radi. Tilxat desangiz, tilxat yozib beraman, dedi. Shu darajada ishontirdiki, Baqara surasining 282-oyatidan keltirib gapirganidan keyin mendagi shubhalar butkul tarqab ketdi. Berdim 300 dollar – tilxat oldim, pasport va haydovchilik guvohnomalari nusxasini oldim. Agar va’da qilingan muddatda pulni qaytarmasa, ichki ishlar organlariga murojaat qilishim mumkinligi to‘g‘risida yozib olingan video ham qilib berdi telefonimga. Yana aytdiki: “aka, asli siz emas – bizning ko‘zlarimiz ko‘r ekan. Shuncha ko‘zi ochiqlar qilmagan yaxshilikni siz qildingiz menga. Duo qiling, qizim sog‘ayib ketsin, umri uzoq bo‘lsin” deb.

Ammo oradan kunlar o‘tib, pulni qaytaradigan vaqtda undan darak bo‘lmadi. Telefon qilsam javob bermaydi, Telegramʼdan yozsam “beraman” deydi. Oxirgi paytda do‘q-po‘pisaga o‘tdi, “seni o‘zi Xudo urib qo‘ygan ekan” deb. Hujjatidagi manzil bo‘yicha qidirib borib o‘zini topolmadim. Mahalla raisi bilan gaplashdim. Uni aytishicha, yigitning farzandi tugul, oilasi ham yo‘q ekan. “Hali uylanmagan” dedi rais.