Poyezd kupesida qo‘shmachilik qilgan vagon kuzatuvchisi jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.

Sud hujjatida keltirilishicha, 1985 yilda Payariq tumanida tug‘ilgan Dilshod Hamdamov 2019 yil may oyidan “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish filiali vagonlar xizmatchisi lavozimida ishlab kelgan.

Dilshod Hamdamov 2025 yil 21 fevral kuni 071-raqamli “Olot-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanuvchi yo‘lovchi poyezdning 7-vagonida kuzatuvchi bo‘lgan. U shu kuni “Qorako‘l” temiryo‘l vokzalidan chiqqan yo‘lovchi B.O‘.ga tanishi G.O‘. bilan jinsiy aloqa qilib ketishi uchun 300 ming so‘m evaziga 7-vagonning 2-kupesida sharoit yaratib bergan. Aslida bu yo‘lovchilarning chiptasi poyezdning 11-vagoniga olingan bo‘lgan.

“Provodnik”ning poyezdda qo‘shmachilik qilgani Navoiy viloyati Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi jinoyat qidiruv guruhi xodimlari tomonidan aniqlangan. Tadbirda ishlatilgan 300 ming so‘m pul ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Dilshod Hamdamov sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.

2025 yil 21 fevral kuni “Olot-Toshkent” yo‘nalishidagi 071-raqamli yo‘lovchi poyezdining 7-vagonida kuzatuvchilik qildim. Shu kuni soat 19:00 larda “Olot” bekatidan yo‘lga chiqib, soat 20:00 larda “Qorako‘l” temiryo‘l bekatiga yetib keldik. Yo‘lovchilarni vagonga chiqarish vaqtida yonimga B.O‘. bir ayol kishi bilan keldi. Ularning chiptasi 11-vagonning 48- va 50-joylari edi. B.O‘. va yonidagi ayolni 7-vagonning 5- yoki 6-kupe vagoniga kiritib, shu yerda o‘tirib turishlarini aytdim. O‘zim SV tipli xonalarni tekshirib, 3 ta bo‘sh SV tipli xona Samarqandgacha bo‘sh ekanini aniqladim. Erkak va ayolni 3-SV xonaga joylashtirdim. Biroz vaqt o‘tib, ayol keldi va SV xonaning eshigi yopilmasligini aytib, boshqa xona qilib berishni so‘radi.

Keyin ularga 2-kupega kirishlarini aytdim. Kirishganidan so‘ng ularga kupeda dam olib ketishlari uchun sharoit yaratib berdim. Buning evaziga erkakdan 300 ming so‘m oldim. Erkak menga kupeda hamroh ayoli bilan jinsiy aloqa qilib ketishini bildirdi. Ularni hech kim bezovta qilmasligini, eshikni ichkaridan qulflab olishni aytib, yangi choyshab hamda yuvinishlari uchun iliq suv keltirib berdim”, degan Dilshod Hamdamov o‘z ko‘rsatmasida.

Poyezd Qiziltepa bekatiga kelib to‘xtagan. Dilshod Hamdamov yo‘lovchilarni chiqarayotganida IIB xodimlari uning yoniga kelib, 2-kupeni ochishni so‘ragan. Shu tariqa u tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Dilshod Hamdamov ushbu erkakka oldin ham “xizmat ko‘rsatgan” bo‘lgan. Buni sudda guvoh sifatida so‘ralgan B.O‘. tasdiqlagan.