Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida yo‘l chetiga to‘xtagan Nexia haydovchisi Ahliddin Jumaboyev mashinasini o‘chirmay do‘konga kiradi. Old o‘rindiqda qoldirilgan 5 yashar o‘g‘il oyna ko‘targich tugmasini bexos bosib yuboradi. Natijada bolaning boshi qisilib qoladi. Do‘konga to‘xtagan YPX inspektori Azim Xalifayev voqea ustidan chiqib mashina oynasini sindirib bolani qutqarib qolgan. Kun.uz muxbiri voqea tafsilotini o‘rgandi.

Bolakayning otasi Ahliddin Jumaboyev bo‘lgan voqeani so‘zlab berdi. Uning aytishicha, haydovchi o‘sha kuni 5 yashar o‘g‘li Asliddin Otaqo‘ziyev bilan dalaga ketayotgan bo‘lgan.

O‘g‘limni qaytib berdi...

 “24 iyun kuni soat 18:00 lar chamasi edi. O‘g‘lim bilan birga mashinada dalaga ketayotgan edik. Suv olay deb do‘konga to‘xtadim. Mashina yoniq holatda edi. Do‘konga kirganimda tugmani bexos bosvorganidan o‘g‘limning boshi oynaga qisilib qolgan ekan. Ichkarida e’tiborsiz qolibman. Rahmat YPX xodimiga, orqamizdan kelib to‘xtagan ekan. Oynani sindirib, o‘g‘ilchani qutqarib qoldi.

Ahliddin Jumaboyev o‘g‘li Asliddin Otaqo‘ziyev bilan

Hozirda o‘g‘limning holati yaxshi biroz ruhiyatiga ta’sir qilganini hisobga olmaganda. Uydagilar, ota-onalar bugun xabar topishdi. Ular ham shok holatida hozir.

Xodim oynani sindirganda qo‘llariga ham shikast yetgan. O‘g‘limning hayotini saqlab qolgan YPX xodimiga rahmat aytaman.

Ota-onalardan iltimos qilib qolamanki, avvalo bolalar oldi o‘rindiqda o‘tirishmasin. Farzandlariga e’tiborli bo‘lishsin. Endi farzandimni nazoratsiz qoldirmayman. Bo‘lgan voqea ibrat bo‘ldi. Hayotimda birinchi marta bu holatga duch kelyapman, katta maktab bo‘ldi”, deydi bolakayning otasi Ahliddin Jumaboyev.

Ko‘zimga hech narsa ko‘rinmadi...

“24 iyun kuni A-373 yo‘lida xizmatda edim. Xizmat davomida chamasi soat 18:00 larda ob-havo issiqligi sababli do‘konga suv olgani to‘xtagandim.