Yozgi yurish boshlanganidan beri Rossiya Ukrainaning 500 km kv dan ortiq hududini egallab oldi. Pentagon Ukrainaga qurol yetkazishda tanaffus e’lon qilgach, Tramp Kiyevga asosan mudofaa qurollarini yuborishni va’da bermoqda. Urushning so‘nggi haftalari jamlanma tahlili – Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida.
Abduvali Soyibnazarov: Mana shu yoz faslidan boshlab Rossiyaning frontdagi faolligi ancha oshdi. Bu holatni Rossiyaning dronlardan keng foydalanayotgani va dron ishlab chiqarish hamda uni takomillashtirish bo‘yicha olib borayotgan siyosati natijasi sifatida ko‘rish mumkin.
Rossiya asosan uchta: Pokrovsk, Toretsk va Kupyansk yo‘nalishlariga katta e’tibor qaratayotganiga bir qancha maqsad va sabablar bor deb o‘ylayman.
Avvalo, bu yo‘nalishlar ustuvor ahamiyatga ega, chunki bu yerda muhim transport uzellari joylashgan. Asosiy maqsad – dushmanning logistika tizimini izdan chiqarish va keyingi hujumlar uchun platsdarm yaratish bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, bu yerdagi harakatlar chalg‘ituvchi manyovr bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. Ya’ni Rossiya frontda asosiy e’tiborini aynan shu yo‘nalishlarga qaratayotgandek ko‘rsatib, Ukraina qo‘shinlarining katta qismini – zaxira bo‘linmalarini, frontning boshqa qismlaridan ushbu nuqtalarga jalb qilishga majbur etmoqchi. Bu esa Ukraina uchun boshqa yo‘nalishlarda murakkab vaziyatni yuzaga keltirishi mumkin.
Shuhrat Rasul: Mening nazarimda, yuqorida aytilgan uchta hujum yo‘nalishining barchasi – Donbass viloyatida joylashgan. Hujum taxminan 15 may atrofida boshlangan edi va endi salkam ikki oy bo‘lmoqda. Dastlabki hujumlar yangi viloyatlarga – Sumi va Xarkiv viloyatlariga qaratilgan edi. Lekin shu ikki oylik hujum natijasida Rossiya biror sezilarli natijaga erisha olmadi.
Menimcha, bugungi kunda Rossiya bosh qo‘mondonligi «paypaslash taktikasi»ni qo‘llayapti. Qayerda sal ustunlikka erishsa, yoki ukrain mudofaasida kamchiliklar kuzatilsa, aynan o‘sha nuqtaga zarba berilyapti. Ammo, menimcha, ruslar bu harakatlarida jiddiy, strategik fikrlash bilan ish tutmayapti. Chunki shu salkam to‘rt yillik urush shuni ko‘rsatdiki, Rossiya–Ukraina urushi XX asr urushlaridan farqli ravishda kechmoqda.
XX asr urushlaridagi asosiy taktikalar bugungi real sharoitda o‘zini oqlamayapti. Masalan, o‘tgan asr urushlarida frontning tor uchastkasiga – 5 kilometrga bitta-ikkita diviziya to‘planib, u yer yorib o‘tilar, keyin esa zaxiradagi qo‘shinlar hujumni davom ettirar edi. Sovet armiyasi ustaviga ko‘ra, hujumning kunlik tempi 25-30 kmni tashkil etishi kerak edi.









