Agar siz futbolchi bo‘lmasangiz, futbol uchrashuvini tomosha qilishdan zavq olsangiz – klublar o‘rtasidagi jahon chempionati ayni muddao. Axir Chempionlar Ligasi finali o‘tkazilib, milliy jamoa tanaffusga kuzatilgan vaqt esingizdami? Ancha bo‘lib ketdi, to‘g‘rimi? Ana o‘sha kundan boshlab to kechagi oqshomgacha biz yana futbol tomosha qildik.

Allaqachon futbolni sog‘ingan, sevimli klublarimizning mashg‘ulotlarini bo‘lsa ham tomosha qilish uchun videolarni qidirib yurishimiz kerak bo‘lgan paytda kechagi finalni muhokama qilyapmiz. Yangi emotsiyalarni his qildik, «PSJ»ni ham yengish mumkinligini ko‘rdik, Saudiya Arabistoni futboli bemalol Yevropa bilan raqobat qila olishini kuzatdik, «Chelsi» va «Manchester Siti»ning yangi yulduzlariga jiddiy raqobat ostida baho berdik.

Yana tunni bedor o‘tkazdik, uxlab qolgan bo‘lsak, ertalab turib, tungi o‘yinlar natijasini, gollarni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Xullas, har qancha salbiy fikrlar, tanqidlar bo‘lmasin, futbol muxlisi uchun futbol tomosha qilish har qanaqasiga eng sevimli mashg‘ulot ekanini inobatga olsak, bu turnir ham bizga o‘sha onlarni taqdim etdi.  

Shunday bo‘lsa-da, yangi turnir, yangi formatda, futbol uchun biroz begona bo‘lgan mamlakatda bo‘lib o‘tdi va tabiiyki, futbol ommasi turli jihatlarni tahlil qilishi, shu paytgacha o‘zi o‘rganib qolgan o‘lchovlar qolipiga bu musobaqani ham solib ko‘rishi tabiiy. Ayniqsa, kelasi yili ayni shu vaqtda milliy jamoalar o‘rtasida jahon chempionati aynan shu stadionlarda, shu shartlarda bo‘lib o‘tishini hisobga olsak, bunday fikrlar doim qiziq va o‘rinli bo‘ladi. Quyida kecha yakuniga yetgan turnir haqidagi ba’zi xulosalarni taqdim etamiz.

Ob-havo noqulayligi, kechiktirilgan uchrashuvlar

«Pachuka» – «RB Zalsburg» o‘yini vaqtida osmonni qora bulut qopladi
Foto: Marcio Machado/Getty Images

Eng avvalo, noqulay ob-havo tufayli ba’zi o‘yinlar o‘z vaqtida boshlanmagani va hatto ba’zi uchrashuvlarda katta tanaffuslar yuzaga kelganini aytish mumkin. Masalan, «Benfika»ning «Oklend»ga qarshi o‘yinida muxlislar ikkinchi bo‘lim boshlanishini naq 130 daqiqa kutishga majbur bo‘lishdi.

«Bu futbol emas, maynavozchilik. AQSh yirik musobaqalarni o‘tkazishga mos joy emas», – deb keskin fikr bildirgandi xuddi shu «Benfika»ga qarshi o‘yin oxirlarida tanaffus yuzaga kelganida «Chelsi» bosh murabbiyi Enso Mareska.

Sababi, deyarli barcha o‘yinlar mamlakatning sharqiy qismida bo‘lib o‘tdi va bu hududlarda ayniqsa iyun oylarida bo‘ronlar ko‘p bo‘ladi. Ma’lumotlarga qaraganda, so‘nggi o‘n yilda chaqmoq urishi oqibati vafot etganlarning 75 foizi aynan iyun-avgust oylariga to‘g‘ri kelar ekan. Xavfsizlik protokolida qat’iy yozib qo‘yilgan: agar chaqmoq stadiondan 16 km radiusda sodir bo‘lsa, avtomatik ravishda o‘yin to‘xtatilishi kerak. Bu haqida stadion direktoriga xabar beriladi, u esa hakamga bu haqida bildiradi. Kelasi yilgi mundialda ham shunday voqealardan bo‘lishidan qutulib bo‘lmaydi.