Jahon | 13:40 / 17.07.2025
1813
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Mudofaa vazirligi Ukrainaga Patriot yuborilganini tasdiqlay olmadi

Germaniya Mudofaa vazirligi vakili Patriot havo hujumidan mudofaa tizimining tarkibiy qismlari hozirda Germaniyadan Ukrainaga yo‘l olayotgani yoki yo‘qligini «bilmasligini» aytdi. Berlin va uning hamkorlari dushanba kuni bunday yetkazib berishni tezlashtirishni muhokama qiladi.

Foto: U.S. Army/ABACAPRESS/picture alliance

Germaniya Mudofaa vazirligi vakili Patriot havo hujumidan mudofaa tizimining tarkibiy qismlari Germaniyadan Ukrainaga jo‘natilgani yoki yo‘qligini «bilmasligini» aytdi. 16 iyul, chorshanba kuni Reuters agentligi uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi: "Men hozirda biror narsa yo‘lda ekanini tasdiqlay olmayman".

Shu bilan birga, Germaniya Tashqi ishlar vazirligi vakilining xabar berishicha, 21 iyul kuni Ukraina mudofaasi bo‘yicha (Ramshtayn formati deb ataladigan) aloqa guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, unda Rossiya havo hujumlaridan himoya qilish uchun zarur bo‘lgan Patriot havo mudofaa tizimlarini Ukrainaga yetkazib berishni tezlashtirish variantlari muhokama qilinadi.

AQSh prezidenti Donald Tramp 15 iyul kuni Germaniyadan Ukrainaga Patriot uchun raketalarni yetkazib berish allaqachon boshlanganini aytdi. «Ular Germaniyadan boradi, keyin Germaniya ularni almashtiradi. Va barcha holatlarda Qo‘shma Shtatlar to‘liq to‘lov oladi», — dedi Oq uy rahbari.

Germaniya hukumati AQSh bilan Ukraina uchun ikkita Patriot havo mudofaa tizimini sotib olishga kelishib oldi. Kamida yana bitta, va ehtimol ko‘proq tizim boshqa Yevropa davlatlari tomonidan moliyalashtiriladi, dedi Germaniya hukumati rasmiy vakili Shtefan Kornelius 14 iyul kuni. U tizimlar «imkon qadar qisqa vaqt ichida» Ukrainaga o‘tkazilishini ta’kidladi, biroq vaqt oralig‘ini aniqlashtirmadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid