Germaniya Federal jinoyat politsiyasi (Bundeskriminalamt - BKA) ma’lumotiga ko‘ra, 1 iyul holatiga mamlakatda 410 nafar shaxs xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan shaxs sifatida tasniflangan.

Bu haqda RedaktionsNetzwerk Deutschland (RND) nashrlar guruhi BKA vakiliga tayanib xabar berdi.

Mazkur toifaga terrorchilik harakatlari kabi og‘ir zo‘ravonlik jinoyatlarini sodir etishi mumkin deb hisoblangan shaxslar kiritiladi.

Shuningdek, Germaniyada 65 nafar ehtimoliy o‘ng ekstremist va 17 nafar ehtimoliy so‘l ekstremist ham xavf tug‘diruvchi shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan.

BKA ta’kidlashicha, shaxsga mazkur maqomni berish yoki uni ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risidagi qarorlar federal yerlar tomonidan qabul qilinadi. Har bir holat alohida o‘rganiladi, shuning uchun ro‘yxatdagi shaxslar soni vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib turadi.

Radikallashuv bo‘yicha murojaatlar ko‘paymoqda

Nyurnberg shahrida joylashgan Germaniya Migratsiya va qochqinlar ishlari bo‘yicha federal idorasi (BAMF) huzuridagi Radikallashuv masalalari bo‘yicha maslahat markazi 2026 yilning birinchi yarmida 165 ta murojaatni qabul qilgan.

Mutaxassislar fikricha, radikallashuvga oid maslahatlarga ehtiyoj hali ham yuqori bo‘lib qolmoqda va bu ko‘rsatkich 2023 yil darajasiga yaqin.

2023 yil davomida markazga jami 374 ta murojaat kelib tushgan edi.

2025 yilda murojaatlarning yarmidan ko‘pi davlat muassasalari, jumladan maktablar tomonidan yuborilgan. Qariyb 43 foizi esa radikallashuv ta’siriga tushgani taxmin qilingan shaxslarning oila a’zolari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Ayniqsa, maslahat so‘rab murojaat qilganlar orasida ota-onalar eng katta guruhni tashkil etgan.

2025 yilda radikallashgani taxmin qilingan shaxslarning o‘rtacha yoshi 19 yoshdan biroz kichik bo‘lgan.

2023 yil 7 oktyabr voqealari burilish nuqtasi bo‘lgan

Mutaxassislar fikricha, 2023 yil 7 oktyabr kuni HAMASning Isroilga hujumi Germaniya jamiyatida radikallashuvga nisbatan e’tiborni keskin oshirgan.

Bu esa maslahat markazlariga murojaatlar sonining ortishiga sabab bo‘lgan.