Sirkadiyal ritm – inson organizmining ichki biologik soati hisoblanadi. U bosh miyadagi gipotalamus bir qismi bo‘lgan supraxiazmatik yadro tomonidan boshqariladi va tashqi omillarga, ayniqsa, yorug‘likka bog‘liq ravishda 24 soatlik sikl asosida ishlaydi. Bu ritm orqali tanada:
- uxlash va uyg‘onish;
- ishtaha paydo bo‘lishi;
- harorat va yurak urishi;
- gormonlar, masalan, melatonin va kortizol darajasi nazorat qilinadi.
Qaysi omillar sirkadiyal ritmni buzadi?
Sun’iy yorug‘lik: kechki payt telefon, noutbuk va televizor ekranidan tarqaladigan ko‘k nur melatonin ishlab chiqarilishini to‘xtatadi. Natijada uyqu kechikadi.
Tartibsizlik: har kuni turli vaqtda yotish va uyg‘onish organizmni adashtiradi. Tanangiz qaysi vaqtda tinchlanishi yoki faollashishini anglay olmaydi.
Tungi ish va kechki ovqat: biologik jihatdan tun davomida faol bo‘lish, ayniqsa, og‘ir ovqat iste’moli metabolik ritmga zarar yetkazadi.
Stress va kortizol: surunkali stress holatida tanada kortizol ishlab chiqarilish muvozanati buziladi. Bu esa sirkadiyal ritmni izdan chiqaradi va uyqu sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Biologik soat buzilishi qanday belgilar bilan namoyon bo‘ladi?
Sirkadiyal ritm buzilishi oqibatida birinchi navbatda uyqu sifati yomonlashadi. Inson kech uxlashga odatlanadi, uxlab qolishi qiyinlashadi, tez-tez uyg‘onib ketish holatlari ko‘payadi, ertalab esa charchoq hissi bilan uyg‘onadi. Bu chuqur uyqu bosqichining qisqarishiga olib keladi, oqibatda tana to‘qimalari to‘liq tiklana olmaydi.
Mazkur holatda miya faoliyati ham izdan chiqadi: e’tibor susayadi, eslab qolish qobiliyati pasayadi, hissiy barqarorlik buziladi. Motivatsiya yo‘qoladi, surunkali charchoq va hatto depressiv holatlar paydo bo‘ladi.
Jismoniy salomatlik ham zarar ko‘radi. Gormonlar muvozanati yo‘qoladi: stress gormoni haddan tashqari ko‘p ishlab chiqarila boshlaydi, bu esa yurak-qon tomir tizimiga bosim o‘tkazadi. Immunitet zaiflashadi, qandli diabet, semizlik, yurak xastaliklari xavfi ortadi. Shu bilan birga, ovqatlanish tartibi ham izdan chiqadi: ochlik va to‘qlik gormonlari (grelin va leptin) balansi buziladi, kechki vaqtda nosog‘lom yeguliklarga moyillik kuchayadi.









