Rossiya Davlat Dumasiga fraksiyalararo qonun loyihasi kiritildi, unda chet elliklar uchun Rossiya maktablarida pulli ta’limni joriy etish va rus tilini bilish bo‘yicha bepul test sinovlaridan o‘tishga urinishlar sonini cheklash taklif qilinmoqda.
Tushuntirish xatida ta’kidlanishicha, 2025 yilda Rossiya maktablarida migrant bolalar sonining ko‘payishi tufayli 900 mingdan ortiq o‘rin yetishmayapti. Bundan tashqari, loyiha mualliflarining fikriga ko‘ra, migrantlarning bolalari rus tilini yetarli darajada bilmasligi «rusiyzabon bolalarni o‘qitish jarayoni sekinlashishiga olib kelgan».
«Qonun loyihasining qabul qilinishi o‘qituvchilarga qo‘shimcha to‘lovlar uchun yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan budjet mablag‘larini tejash, shuningdek, ta’lim jarayonining barcha ishtirokchilari uchun yanada qulay ta’lim muhitini yaratish, chet elda rus tilini o‘rganishga qiziqishni oshirishga yordam beradi», deyiladi hujjatda.
Avvalroq, Rossiya Ta’lim vazirligi migrantlarning farzandlarini pulli o‘qitish g‘oyasiga qarshi chiqqan, bunday tashabbus ta’lim huquqi kafolatlangan Rossiya Konstitutsiyasiga zid ekani aytilgan edi.







