Ayollar dunyosi | 17:48 / 12.08.2025
3121
3 daqiqa o‘qiladi

Sochlarimiz teksturasini sun’iy o‘zgartirish bizga qanchalik qimmatga tushadi?

Hozirgi kunda sochlarni dazmollash, issiqlik yoki kimyoviy moddalardan foydalanib ularni jingalak qilish nafaqat ayollar, balki erkaklar orasida ham urfga aylanmoqda. Ammo buning sochga qanchalik salbiy ta’sir ko‘rsatishi hammaga ham ayon emas. Quyida zamonaviy soch turmaklash usullarining oqibatlari haqida ma’lumot beramiz.

Sochni tekislash yoki jingalak qilish uchun ishlatiladigan issiqlik asboblari va kuchli kimyoviy moddalar — zamonaviy go‘zallik trendining ajralmas qismi. Biroq bu jarayonlar ortida ko‘pchilik bilmaydigan, lekin soch va bosh terisi salomatligiga jiddiy zarar yetkazuvchi omillar bor.

Issiqlik orqali tekislash yoki jingalak qilish: elektr soch dazmollari yoki taroqlar yuqori harorat ta’sirida soch tolalarining tabiiy namligini yo‘qotadi va ularning tuzilishini buzadi. Natijada soch mo‘rtlashadi, tez sinadi va siyraklashishi mumkin. Issiqlik muntazam va uzoq muddat qo‘llanganda soch ildizlari zaiflashadi, bu esa sekin-asta kuchayib boradigan soch to‘kilishiga olib keladi.

Kimyoviy tekislash yoki jingalak qilish: keratin yoki braziliya usuli kabi kimyoviy shakl berish protseduralarida sochning tabiiy teksturasini o‘zgartiruvchi kuchli moddalar ishlatiladi. Bu jarayonda soch tolalari ichki qatlamigacha ochilib, kimyoviy reaksiyaga uchraydi. Natijada bosh terisida yallig‘lanish, qizarish yoki kuyish holatlari paydo bo‘lishi mumkin. Kimyoviy moddalar uzoq muddat va tez-tez qo‘llanganda folikulalarga jiddiy zarar yetkazib, ba’zan chandiqli alopetsiya rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

Mexanik ta’sir va tortish: kimyoviy yoki issiqlik bilan zaiflashgan sochlar qo‘shimcha mexanik bosimga ham chidamsiz bo‘lib qoladi. Masalan, sochni juda qattiq bog‘lash, tarash yoki doimiy tortuvchi turmaklar “traksion alopetsiya” deb ataladigan soch to‘kilishiga olib keladi. Agar bu holat uzoq davom etsa, ildizlar tiklanmay qolishi mumkin.

Yuqoridagi salbiy oqibatlarning oldini olish uchun tavsiyalar:

  • Issiqlikni minimal darajada ishlatish, past harorat va maxsus issiqlikdan himoyalovchi vositalardan foydalanish.
  • Kimyoviy tekislash, jingalak qilishni imkon qadar kamaytirish va xavfsizroq muqobillarni tanlash.
  • Sochni qattiq tortuvchi turmaklardan saqlanish.
  • Soch va bosh terisini muntazam namlab turish, to‘g‘ri ovqatlanish va yetarli vitamin-minerallar iste’mol qilish.
  • Soch to‘kilishi kuchayganda yoki bosh terisida o‘zgarishlar sezilganda mutaxassisga murojaat qilish kerak.
Гулмира Тошниёзова
Tayyorlagan Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid