Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-oktabr kuni “S5+1” formatidagi vazirlar uchrashuvi hamda Amerika – Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan AQSH Davlat kotibi Marko Rubioni qabul qildi.

Asosiy eʼtibor Oʻzbekiston – AQSH strategik sherikligini yanada mustahkamlash, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish masalalariga qaratildi.

AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari muloqotni mustahkamlash hamda koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishdan oʻzaro manfaatdor ekanini tasdiqlagan “S5+1” formatidagi navbatdagi vazirlar uchrashuvining yakunlari yuqori baholandi.

Siyosat va xavfsizlik, savdo va investitsiyalar, innovatsiya va texnologiyalar, taʼlim va madaniyat kabi ustuvor yoʻnalishlarda ikki tomonlama hamkorlik faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ikki mamlakat parlamentlari va idoralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri va konstruktiv muloqot yoʻlga qoʻyilgan, ishbilarmon doiralar hamda akademik hamjamiyatning aloqalari kengaymoqda.

Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, avvalo, terrorizm, ekstremizm, narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish kabi yoʻnalishlarda mustahkamlanmoqda.

Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqoti yoʻlga qoʻyilgani ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim qadam boʻldi. Uning birinchi yigʻilishi yakunlari boʻyicha bir qator hujjatlar, jumladan, koinotni tinch maqsadlarda oʻzlashtirish sohasidagi “Artemida” bitimlari imzolandi.

Iqtisodiy hamkorlik strategik sheriklikning asosiy tayanch nuqtalaridan biri boʻlib qolmoqda. Yil boshidan buyon oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 35 foizga oshdi. Iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasida fuqaro aviatsiyasi, avtomobilsozlik, konchilik, energetika, qishloq xoʻjaligi, raqamlashtirish va moliya sohalarida yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishda Ishbilarmonlik va investitsiya kengashining oʻrni katta ekani taʼkidlandi. Kengashning bugungi yigʻilishi doirasida 12 milliard dollarlik yangi kelishuvlarga erishildi.

Gumanitar sohadagi hamkorlik ham izchil kengayib bormoqda. Toshkentda Vebster universiteti, Amerika texnologiyalar universiteti va Kolorado konchilik maktabining kompetensiyalar markazi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Oʻzbekistonga tashrif buyurayotgan amerikalik sayyohlar soni ham ortib bormoqda.