Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Raqobat qo‘mitasi mashhur brendlar nomidan foydalanayotgan firibgarlar haqida ogohlantirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Korzinka va Coca Cola nomlari niqob qilib olingan yolg‘on aksiyalar paydo bo‘ldi. Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarni bunday fishing sxemalarga aldanmaslikka va noma’lum havolalarga kirmaslikka chaqirdi.
Foto: Kun.uz
Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda Korzinka supermarketlari va Coca Cola kompaniyasi nomidan uyushtirilayotgan yolg‘on aksiyalar haqida xabar berdi.
Qo‘mita xabariga ko‘ra, Korzinka supermarketlar tarmog‘i – “Anglesey Food” MChJ faoliyat boshlaganiga 29 yil to‘lgani munosabati bilan mijozlarga sovg‘alar tayyorlagani: “Cubes” muzlatkichlarini bor-yo‘g‘i 27 ming so‘m evaziga xarid qilish mumkinligi haqida firibgarlar tomonidan soxta reklamalar tarqatilmoqda.
Shuningdek, “Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan Ltd” MChJ XKga nisbat berilgan soxta reklamada ham mini-muzlatkich va 24 dona ichimlikni atigi 30 ming so‘mga xarid qilish mumkinligi haqida so‘z boradi.
Ishtirokchilar sovg‘alarni “qo‘lga kiritish” uchun maxsus havoladan yoki qisqa so‘rovnomadan o‘tishlari tavsiya qilingan.
“Raqobat qo‘mitasi tomonidan Korzinka supermarketlar tarmog‘i hamda “Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan Ltd” MChJ XKning rasmiy veb-saytlari o‘rganilganda mazkur aksiyalar haqida hech qanday ma’lumotlar berilmagani hamda bu kabi aksiyalar o‘tkazilmayotgani ma’lum bo‘ldi”, – deyiladi rasmiy xabarda.
Qo‘mita tahlillariga ko‘ra, ushbu aksiyalar ishtirokchilari uchun taqdim etilgan “sovg‘alar”ni olish tartibi mashhur brendlar nomidan amalga oshiriladigan fishing sxemasiga to‘liq mos keladi.
Shu sababli Raqobat qo‘mitasi firibgarlik sxemalariga aldanib qolmaslik uchun noma’lum havolalarga kirmaslik, shaxsiy ma’lumotlarni notanish shaxslarga bermaslik hamda o‘tkazilayotgan aksiya haqidagi axborotlarning rasmiy manbalardan haqiqatga mosligini tekshirishga chaqirgan.
Ma’lumot uchun, fishing sxema – internetdagi aldov usuli bo‘lib, odamlarning shaxsiy ma’lumotlarini (masalan, login, parol, bank kartasi ma’lumotlari) qo‘lga kiritish uchun ishlatiladi.
Mavzuga oid
12:53 / 08.12.2025
Toshkentda qidiruvdagi shaxs YPX reydi davomida aniqlandi
22:21 / 02.12.2025
Yevropa diplomatiyasi sobiq rahbari Federika Mogerini qo‘lga olindi
16:04 / 01.12.2025
Iste’molchi murojaatlari uchun yangi onlayn platforma ishga tushirildi
13:33 / 27.11.2025