O‘zbekiston | 10:29 / 10.09.2025
1093
2 daqiqa o‘qiladi

Idoraviy hujjatlarni qabul qilishda ortiqcha tartiblar bartaraf etiladi

“Islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlash samaradorligini oshirish hamda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda vazirlik va idoralarning mas’uliyati va tashabbuskorligini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Foto: Alamy

Farmonga ko‘ra, Adliya vazirligi idoraviy hujjatlarni quyidagi hollarda qayta ishlash (tahrirlash) orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi: 

🔸 O‘zbekiston konstitutsiyasi va qonunlariga, yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiqlashtirish maqsadida;
🔸 qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqlashtirish zarurati tug‘ilganda;
🔸 havola qiluvchi normalar qo‘llanishining asosliligi va maqsadga muvofiqligi ta’minlanmaganda.

Adliya vazirligi vazirlik va idoralar tomonidan idoraviy hujjatlar o‘z vaqtida ishlab chiqilishi, qabul qilinishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini doimiy monitoring qilib boradi.

Shuningdek, idoraviy hujjatni u birinchi kelishilayotgan vazirlik va idora bilan kelishilgandan so‘ng 30 kun ichida qabul qilish talabi bekor qilinadi. 

Bundan tashqari, yangi qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining talablariga muvofiqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi idoraviy hujjatlarni manfaatdor tashkilotlar bilan kelishmasdan huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Adliya vazirligiga kiritishga ruxsat beriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid