Ko‘chmas mulk | 17:45 / 13.09.2025
2790
3 daqiqa o‘qiladi

«Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Senatga yuborildi

Loyiha shaharsozlik renovatsiyasining asoslari va maqsadlari, majburiy shartlari, asosiy tamoyillari, renovatsiya bosqichlari, renovatsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish tartibi, sohada davlat boshqaruvi asoslarini belgilaydi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

«Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilinib, ma’qullash uchun Senatga yuborildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar qildi.

Ta’kidlanishicha, bu qonun loyihasi hududlarni shaharsozlik hujjatlariga muvofiq me’moriy, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik jihatdan yaxshilash, eskirgan, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz, avariya holiga kelib qolgan bino-inshootlarni yangilash, qulay va energiya samarador holatga keltirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Loyiha shaharsozlik renovatsiyasining asoslari va maqsadlari, majburiy shartlari, asosiy tamoyillari, renovatsiya bosqichlari, renovatsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish tartibi, sohada davlat boshqaruvi asoslarini belgilaydi. Qonun tashabbuskorlarining qayd etishicha, mazkur hujjatga bo‘lgan ehtiyoj yangi turar joylarga nisbatan o‘sib borayotgan talabni qondirish uchun qo‘shimcha yer resurslari talab qilinishi bilan izohlanadi.

Loyihaga ko‘ra, renovatsiya ixtiyoriylik tamoyiliga asoslanadi. Renovatsiya loyihasini boshlash uchun barcha huquq egalari bilan notarial tartibda kelishuv imzolanadi.

Loyihada shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishda hech kim sud qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasida ekani, davlat xususiy mulkning but saqlanishini ta’minlash uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishi, davlat organlari, ularning mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan mulk egalarining huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi kafolatlangan.

Ayni paytda, renovatsiya doirasida mulkdorlar va davlat organlari o‘rtasida yuzaga keladigan barcha ziddiyat va noaniqliklar mulk egasining foydasiga talqin etilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Loyihaga ko‘ra, turar va noturar joy mulkdorlariga adolatli kompensatsiya berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, kompensatsiya quyidagi shakllarda bo‘lishi mumkin:

  • renovatsiya amalga oshiriladigan hududda yangi quriladigan turar va noturar joy obektini mulk qilib berish;
  • boshqa joydan turar va noturar joy obektini mulk qilib berish;
  • turar va noturar joy obektlarining bozor qiymatida pul mablag‘lari;
  • bitimda nazarda tutilgan boshqa shakllar.

Shu bilan birga, qonun loyihasida kompensatsiya sifatida beriladigan uy-joy maydoni huquq egasining renovatsiya qilinayotgan uy-joy maydonidan kam bo‘lmasligi hamda yashash uchun tayyor holda topshirilishi va birinchi navbatda pastki qavatlardan taklif etilishi kerakligi nazarda tutilgan.

Mavzuga oid