Senatning 18-yalpi majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida respublika bo‘ylab sog‘liqni saqlash, ta’lim, bandlik, bank va kadastr sohalarida korrupsiya va byurokratiyaning kelib chiqish sabablari joyida o‘rganildi.
O‘rganishlar natijalari asosida hududlar va vazirliklarda sayyor yig‘ilishlar o‘tkazilib, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan tuman va shaharlar uchun manzilli “yo‘l xaritalari” tasdiqlandi.
Muhokama davomida sohada saqlanib qolayotgan tizimli muammo va kamchiliklarga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, 2025-yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar bo‘yicha 7 517 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan, davlat manfaatlariga 2,9 trln so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Eng ko‘p korrupsiyaga oid jinoyatlar maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, mahalliy hokimliklar hamda tijorat banklari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining har to‘rtinchisida korrupsiyaviy omillar aniqlangan, davlat xaridlari sohasida 12,6 trln so‘mlik qonunbuzilishlar qayd etilgan, ayrim davlat organlari va hududlar korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi hamda ochiqlik indeksi bo‘yicha qoniqarsiz natija ko‘rsatgan.











