Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, yuk va yo‘lovchi tashish sohasidagi mavjud imkoniyatlar hamda istiqbolli yo‘nalishlar atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar xalqaro yo‘lovchi va yuk tashuvlari bo‘yicha O‘zbekiston-Polsha qo‘shma komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini yaqin vaqt ichida o‘tkazish muhimligini ta’kidladilar. Ushbu tashabbus ikki davlat o‘rtasidagi transport-kommunikatsiya aloqalarini mustahkamlash, tranzit va logistika sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Polshada faoliyat yuritayotgan yirik avtotransport kompaniyalariga O‘zbekistondan malakali haydovchilarni ishga jalb qilish, ularning malakasini oshirish va zamonaviy standartlar asosida qayta tayyorlash xususida fikr almashildi.









