Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentdagi maktabda 4-sinf o‘quvchilari sinfdosh qizni kaltakladi
Jabrlanuvchining onasi ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilib, qizining maktabdagi xavfsizligi ta’minlanmayotgani, maktabdan haydalishi aytilgan bo‘lsa-da, bezori bolalar darslarga qatnashda davom etayotganidan shikoyat qilgan. Vazirlik ushbu holat yuzasidan izoh berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi maktablardan birida o‘quvchi qiz boshqa bolalar tomonidan hujumga uchragani aks etgan video tarqaldi.
Kadrlarda bolalar sinfdosh qizni to‘rtinchi qavatdan birinchi qavatgacha quvib tushishgani va uni o‘rab olib, ketishga qo‘ymayotgani, ulardan biri ko‘krak sohasiga tepganidan keyin qiz bukchayib o‘tirib qolgani aks etgan.
Jabrlanuvchi qizning onasi o‘zining instagram sahifasida bezori o‘quvchilarning ota-onasiga chora ko‘rilmayotgani, o‘quvchilar maktabga qatnashda davom etayotgani va qizining xavfsizligi ta’minlanmagani haqida video joylashtirdi. U avvaliga maktab rahbariyati bezori o‘quvchilar maktabdan haydalishini va’da bergani, ammo ikki hafta o‘tganidan keyin ular qaytarib olinganini aytgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bu video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgach, holat yuzasidan munosabat bildirdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu voqea 20 sentabr kuni Toshkent shahri Sergeli tumanidagi 300-umumta’lim maktabining 4-sinf o‘quvchilari ishtirokida sodir bo‘lgan.
«Maktabning 4-sinf o‘quvchisi I.A va sinfdosh o‘g‘il bolalar o‘rtasida darsdan so‘ng dahanaki nizo ortidan janjal kelib chiqqan. Maktab ma’muriyati bu holat yuzasidan hudud profilaktika inspektori va maktabga biriktirilgan inspektor psixologlarga xabar bergan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, I.A bilan janjallashgan o‘quvchilar – I.A. va E.J.ning ota-onasi MJtKning 47-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Shuningdek, bu kabi holatlarga qayta yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ota-onalar bilan yig‘ilish o‘tkazilib, tushuntirish ishlari olib borildi hamda maktab direktori va mas’ullarga intizomiy chora ko‘rildi», – deyiladi Toshkent shahar MMTB xabarida.
Xabarda mas’ullarga aynan qanday chora ko‘rilgani haqida gap yo‘q, shuningdek, bezori o‘quvchilar maktabdan haydalishi borasida aniqlik kiritilmagan.
Mavzuga oid
11:09 / 13.06.2026
Silk Road Finance & Technology Forum: dunyo yetakchilari Toshkentda jamlanadi
08:25 / 06.06.2026
Toshkentda uyni ikki marta sotgan aka-ukaga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
08:49 / 04.06.2026
Toshkentda 40 ta zamonaviy AYoQSh qurish rejalashtirilmoqda
08:38 / 26.05.2026