AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lumotiga ko‘ra, navbatdagi havo hujumlari 20 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 02:30 da boshlangan. AQSh tomonining ta’kidlashicha, zarbalardan ko‘zlangan asosiy maqsad Eronning harbiy imkoniyatlarini yanada cheklash hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozida savdo kemalari va fuqarolik dengizchilariga tahdid solayotgan kuchlarni zaiflashtirishdan iborat.

Bunga javoban Eron Kuvayt va Bahraynda joylashgan AQSh harbiy ob’yektlariga zarbalar bermoqda. Shu bilan birga, mamlakatning Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) ham harbiy operatsiyalarni davom ettirayotganini ma’lum qildi.

Tramp: «Bu halok bo‘lgan harbiylarimiz uchun javob»

AQSh prezidenti Donald Tramp futbol bo‘yicha jahon chempionati finalidan keyin Vashingtonga qaytish chog‘ida jurnalistlarga bergan bayonotida yangi hujumlarni amerikalik harbiylarning halok bo‘lishiga javob sifatida baholadi.

«Bu kecha biz ularga juda kuchli zarba berdik. Buni halok bo‘lgan askarlarimiz xotirasi uchun amalga oshirdik», - dedi Tramp.

CENTCOM ma’lumotiga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi so‘nggi harbiy mojaro boshlanganidan beri AQShning yana uch nafar harbiysi halok bo‘lgan. Shu tariqa, Eron bilan urush boshlanganidan buyon halok bo‘lgan amerikalik harbiylar soni 17 nafarga yetgan.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozida dengiz qatnovi sekinlashdi

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi 20 iyulga o‘tar kechasi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinida ikki neft tankerini ushlab qolganini ma’lum qildi. Eronning «Tasnim» agentligi tarqatgan xabarga ko‘ra, mazkur kemalar bo‘g‘ozga noqonuniy kirish yoki uni janubiy yo‘nalish orqali tark etishga uringan. Shuningdek, agentlik ma’lumotida tankerlarda portlash sodir bo‘lgani qayd etilgan.

Harbiy keskinlik ortidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali dengiz qatnovi ham sezilarli darajada kamaygan. London fond birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, 19 iyul kuni bo‘g‘oz orqali atigi to‘rtta kema o‘tgan bo‘lsa, 18 iyul kuni ularning soni sakkiztani tashkil etgan.

Gaz yetkazib berish hozircha barqaror

S&P Global tahlil kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi uzilishlarga qaramay, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklarida suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) ishlab chiqarish hozircha nisbatan barqaror saqlanib qolmoqda.

Biroq bo‘g‘oz orqali harakat cheklangani sababli Fors ko‘rfazida navbat kutayotgan LNG tankerlari soni oshib bormoqda. Kompaniya hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirgi vaqtda mintaqada umumiy sig‘imi qariyb 1,9 million tonna bo‘lgan suyultirilgan gaz ortgan tankerlar to‘plangan.