“Dunyo” AA ma’lumotiga ko‘ra, tashabbus O‘zbekiston, Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston tomonidan YuNeSKOga a’zo 26 ta davlat hammuallifligida ilgari surilgan.
Tanlangan sana — 15 dekabr — 1893 yilda daniyalik tilshunos Vilgelm Tomsen turkiy tillarning kelib chiqishiga oid eng qadimiy yozma manbalardan biri — Orxon yozuvlari alifbosini o‘qishga muvaffaq bo‘lganini e’lon qilgan kunga bag‘ishlangan.
YuNeSKO qaroriga ko‘ra, turkiy tillar tashkilotga a’zo bir qator davlatlar hududida tarqalgan bo‘lib, taxminan 12 mln km² maydonda yashovchi 200 mln dan ortiq insonning ona tili hisoblanadi. Bayramning joriy etilishi til va madaniy xilma-xillikni, mintaqaviy va global hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash, turkiy xalqlarning og‘zaki an’analari va o‘zini namoyon etish shakllarini saqlash hamda rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, tashabbus turkiy tillar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar, axborot-ma’rifiy tadbirlar va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, turkiy tilda so‘zlashuvchi davlatlarning madaniy va hujjatli merosini ommalashtirishga yangi turtki beradi.
Nishonlash doirasida turkiy tillarning madaniy va ijtimoiy qadrini yorituvchi ko‘rgazmalar, ma’ruzalar, adabiy kechalar, badiiy chiqishlar kabi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.











