Iqtisodiyot | 14:57 / 08.11.2025
8471
2 daqiqa o‘qiladi

Mutlaq rekord: O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 60 mlrd dollarga yaqinlashdi

2025 yil 1 noyabr holatiga, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 59,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu – tarixiy rekord ko‘rsatkichdir. Jahon bozorida oltin narxlari yil boshidan beri qariyb 50 foizga oshdi.

Foto: Getty Images

2025 yil 1 noyabr holatiga, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 59,33 mlrd dollarni tashkil qildi. Zaxiralar qiymati o‘tgan oyga nisbatan 4,3 mlrd dollarga ko‘p. Bu haqda Markaziy bank taqdim qilgan hisobotda keltirilgan.

Oktyabr oyi davomida zaxiralarning valuta qismi 731 mln dollarga oshgan bo‘lsa, oltin qismining qiymati 3,6 mlrd dollarga oshib 47,8 mlrd dollargacha ko‘paygan.

Zaxiralar tarkibida oltinning fizik hajmi ham 11,6 mln troya unsiyadan 11,9 mln troya unsiyaga oshgan.

Jahon bozorida oltin narxlarining oshib borishi fonida yil boshidan beri O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari sezilarli darajada ko‘paydi. 1 noyabr holatiga qayd etilgan qariyb 60 mlrd dollarlik zaxiralar – mamlakat uchun tarixiy rekord ko‘rsatkichdir.

Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan xarid qilingan qimmatli qog‘ozlarning qiymati o‘tgan oyda biroz oshib, 1 mlrd 23 mln dollarga yetgan.

Oltin narxining yil boshidan beri keskin ko‘tarilishi global bozorlar bilan bevosita bog‘liq. Fevral–may oylarida jahon miqyosida geosiyosiy tangliklar va AQSh federal rezerv siyosati tufayli oltin keskin qimmatlashdi.

Iyulda esa qisqa muddatli pasayish kuzatildi. Avgust–sentabrda narx yana tiklanib, bu davrda 3,4 foiz o‘sish qayd etildi. Tahlilchilar fikricha, bunday tendensiya mavsumiy talab va global iqtisodiy noaniqliklar bilan izohlanadi. 20 oktyabr kuni oltin narxi tarixda birinchi marta 1 unsiya uchun 4381 dollardan oshdi. Oy yakunida AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo tarangligi yumshashi haqidagi umidlar qimmatbaho metall narxining nisbatan arzonlasha boshlashiga sabab bo‘ldi.

Umuman olganda, oltin bahosi yil boshidan beri qariyb 50 foizga qimmatlashdi.

Mavzuga oid