Visual Capitalist taqdim etgan infografikada mamlakatlarning 2010 va 2025-yillardagi oltin qazib olish hajmlari oʻzaro taqqoslangan. Maʼlumotlar World Gold Council statistikasiga asoslangan boʻlib, 2025-yil dekabr holatiga keltirilgan.

Xitoy har ikki davrda ham dunyodagi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi davlat maqomini saqlab qolgan. Mamlakatda yillik oltin qazib olish hajmi 2010-yildagi 351 tonnadan 2025-yilda 384 tonnaga yetgan.

Rossiyada esa oʻsish ancha yuqori boʻlgan. 2010-yilda mamlakatda 203 tonna oltin qazib olingan boʻlsa, 2025-yilga kelib bu koʻrsatkich 345 tonnaga yetgan. Natijada Rossiya jahon reytingida beshinchi oʻrindan ikkinchi oʻringa koʻtarilgan.

Avstraliya ham dunyodagi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchilar qatorida qoldi. Biroq mamlakat reytingda ikkinchi oʻrindan uchinchi pogʻonaga tushgan. Shunga qaramay, Avstraliyada oltin qazib olish hajmi oʻsib, 2025-yilda 293 tonnani tashkil etgan.

Shu tariqa, 2025-yilda Xitoy, Rossiya va Avstraliyaning oʻzi jami 1 ming tonnadan ortiq oltin qazib olgan.

Ayni paytda soʻnggi 15 yilda oltin bozorining anʼanaviy yetakchilaridan ayrimlari oʻz mavqeini sezilarli darajada yoʻqotdi.

Xususan, AQShda oltin qazib olish hajmi 2010-yildagi 231 tonnadan 2025-yilda 157 tonnagacha kamaygan. Natijada mamlakat jahon reytingida uchinchi oʻrindan yettinchi oʻringa tushib qolgan.

Janubiy Afrika Respublikasida pasayish yanada keskin boʻldi. Mamlakatda oltin qazib olish hajmi 15 yil ichida ikki barobardan koʻproq qisqarib, 210 tonnadan 99 tonnaga tushgan.

Bu oʻzgarish ayniqsa JAR uchun ahamiyatli. Chunki mamlakat tarixan jahon oltin sanoatining eng yirik markazlaridan biri hisoblangan. Yangi raqamlar esa global oltin qazib olish geografiyasi tobora oʻzgarib borayotganini koʻrsatadi.

Kanada esa aksincha, eng katta oʻsish qayd etgan davlatlardan biri boʻldi. 2010-yilda mamlakatda 102 tonna oltin qazib olingan boʻlsa, 2025-yilga kelib ishlab chiqarish 213 tonnaga yetgan.

Yaʼni Kanada 15 yil ichida oltin qazib olishni ikki barobardan koʻproq oshirgan va jahon reytingida sakkizinchi oʻrindan toʻrtinchi oʻringa koʻtarilgan.

Gana ham oʻz mavqeini sezilarli darajada mustahkamladi. Mamlakat oltin qazib olish hajmini qariyb ikki barobar oshirib, 2025-yilda 187 tonnaga yetkazgan. Bu natija Ganaga jahon reytingida oltinchi oʻrinni egallash imkonini bergan.