Visual Capitalist infografikasida ayrim mamlakatlar va iqtisodiyotlar 2025-yilda markaziy banklar zaxiralarida oltinning ulushi boʻyicha taqqoslangan. Reyting World Gold Councilʼning 2025-yil dekabr holatidagi maʼlumotlariga asoslangan.

Reytingning yuqori pogʻonalarida asosan Gʻarb iqtisodiyotlari joylashgan. Toʻrtta mamlakatda markaziy bank zaxiralarining qariyb 80 foizi oltin hissasiga toʻgʻri keladi. Niderlandiya 72,9 foizlik koʻrsatkich bilan birinchi beshlikni yakunlagan.

Bu holat oltin milliy valyutalarni taʼminlash vositasi sifatida avvalgi mavqeini yoʻqotgan boʻlsa-da, ayrim rivojlangan mamlakatlar rasmiy zaxiralarining asosiy qismini hamon tashkil etayotganini koʻrsatadi.



Xitoyda 2 306 tonna oltin bor

Xitoy misoli oltin zaxirasining mutlaq hajmi mamlakat zaxiralari tuzilishi haqida toʻliq tasavvur bermasligini koʻrsatadi. Chunki oltinning ulushi nafaqat mamlakat qancha qimmatbaho metall saqlashiga, balki uning umumiy xalqaro zaxiralari qanchalik katta ekani va ular qanday aktivlardan tashkil topganiga ham bogʻliq.

Xitoy 2 306 tonna oltin zaxirasiga ega. Bu keltirilgan maʼlumotlar toʻplamida beshinchi, jahon miqyosida esa oltinning mutlaq hajmi boʻyicha oltinchi koʻrsatkich sifatida qayd etilgan.

Shunga qaramay, oltin Xitoyning xalqaro zaxiralarida atigi 8,6 foiz ulushga ega. Zaxiralarning asosiy qismi xorijiy valyuta va xorijiy valyutada ifodalangan boshqa aktivlardan tashkil topgan.

Yaponiyada ham vaziyat shunga yaqin. Mamlakat 846 tonna oltin saqlaydi, ammo uning rasmiy zaxiralardagi ulushi 8,7 foizni tashkil qiladi.

Hindistonda esa oltinning ahamiyati yuqoriroq. Mamlakat 880 tonna oltin zaxirasiga ega boʻlib, qimmatbaho metall uning rasmiy zaxiralarining 17,7 foizini tashkil etadi.

Rossiyada 2 326 tonna oltin

Forbes Rossiya Markaziy banki maʼlumotlariga tayanib xabar berishicha, 2025-yil dekabr oyi boshida Rossiyaning oltin zaxiralari 2 326 tonnani tashkil etgan.

Ushbu koʻrsatkich boʻyicha Rossiya dunyoda beshinchi oʻrinni egallagan. Demak, Rossiyadagi oltinning mutlaq hajmi Xitoynikidan biroz koʻproq.