Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
FXX MiG-31 qiruvchi samolyotini olib qochishga urinish to‘xtatilganini bildirdi
FXX versiyasiga ko‘ra, Ukraina va Buyuk Britaniya go‘yo Rossiyaning MiG-31 qiruvchi samolyoti uchuvchilarini o‘z tomoniga og‘dirib, Ruminiyadagi NATO aviabazasida «ko‘lamli provokatsiya» tashkil etmoqchi bo‘lgan.
Foto: Forsvarsmakten/AFP
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) Ukraina harbiy razvedkasi va uning «britaniyalik kuratorlari» tomonidan chegaradan tashqariga Rossiyaning gipertovushli «Kinjal» havo-ballistik raketaci tashuvchisi bo‘lgan MiG-31 samolyotini olib qochishga qaratilgan operatsiyani barbod etganini ma’lum qildi. FXXning Jamoatchilik bilan aloqalar markazi 11 noyabr kuni xabar berishicha, Ukraina Mudofaa vazirligi qoshidagi Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) xodimlari rossiyalik uchuvchilarga hamkorlik uchun 3 million AQSh dollari va’da qilgan.
FXX ma’lumotiga ko‘ra, shundan so‘ng ukrain maxsus xizmati «Kinjal» raketaci o‘rnatilgan samolyotni Ruminiyaning Konstansa shahrida joylashgan, janubi-sharqiy Yevropadagi eng yirik NATO aviabazasi hududiga yo‘naltirishni rejalashtirgan, u yerda samolyot havo hujumidan mudofaa (HHM) vositalari tomonidan urib tushirilishi mumkin edi.
FXX, shuningdek, MiGni o‘g‘irlash operatsiyasiga Bellingcat xalqaro tadqiqot guruhi ham go‘yo jalb etilganini bildirdi. 2024 yilda MiG-31 qo‘mondoni bilan o‘zini Bellingcat jurnalisti Sergey Lugovskiy deb tanishtirgan shaxs bog‘lanib, press-kartasini ko‘rsatgan va material uchun ma’lumot to‘playotganini aytgan, deya «Rossiya 24» telekanali efirida ma’lum qilgan FXX vakili.
Uchuvchi hamkorlikdan bosh tortgach, qiruvchi samolyot shturmaniga noma’lum shaxs pul va xorij fuqaroligini va’da qilib, samolyotni olib qochishni taklif etgani aytilmoqda. FXX relizida qayd etilishicha, rossiyalikka «operatsiyaga Ukraina oliy rahbariyati, yevropalik sheriklar va Britaniyaning SIS xizmati kuratorlik qilayotgani» ma’lum qilingan, qo‘mondonning kislorod niqobiga zahar surib qo‘yish va shundan so‘ng «Kinjal»li qiruvchini Odessa hamda Ruminiyadagi NATO aviabazasi tomon yo‘naltirish so‘ralgan.
«Muvaffaqiyatli qochish» misoli sifatida shturmanga rossiyalik harbiy uchuvchi Maksim Kuzminov surati yuborilgani aytilmoqda. 2023 yilda Kuzminov Mi-8 vertolyotini Ukrainaga olib qochgan, keyin Ispaniyaga ko‘chib o‘tgan va u yerda keyinroq jonsiz holda topilgan edi. FXXga ko‘ra, MiG-31ni o‘g‘irlash operatsiyasi 2025 yil 4 noyabrda o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lgan.
Bu ma’lumotni mustaqil manbalar tasdiqlagani yo‘q. Ukraina razvedkasi hozircha FXX bayonoti yuzasidan izoh bermadi.
«Kinjal» — Moskva gipertovushli deb ataydigan havodan uchiriladigan ballistik raketa bo‘lib, juda yuqori tezlikka chiqishi va parvoz trayektoriyasini manyovr qilish imkoniyati tufayli HHM tizimlari uchun kuzatishni qiyinlashtiradi.
Mavzuga oid
09:42
Ekspertlar: Rossiya frontdagi yo‘qotishlarni qoplayapti, qo‘shin soni oshmayapti
08:31
Kiyev Trampning tinchlik rejasi bo‘yicha AQShga rasmiy javob yo‘lladi
16:43 / 10.12.2025
“Bizga Ukraina harbiylariga ta’minot keladigan ko‘prikni egallash topshirilgandi” – Rossiya armiyasiga yollangan yigit hikoyasi
16:25 / 10.12.2025