Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy iyul oyi boshida mamlakat urushi natijasi ko‘p jihatdan havodagi ustunlikka bog‘liqligini ta’kidlab, Ukraina bu sohada raqobatbardosh bo‘lib borayotganini aytgan edi. Oradan bir necha kun o‘tib, u Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) tomonidan amalga oshirilayotgan «40 kunlik uzoq masofali sanksiyalar rejasi» haqida ma’lum qildi. 10 iyul kuni esa Ukraina Qurolli kuchlari tarkibida Rossiyaga uzoq masofadan ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha alohida qo‘mondonlik tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

26 iyul kuni Zelenskiy harbiy qo‘mondonlik bilan yig‘ilish o‘tkazib, Rossiyadagi ustuvor nishonlar ro‘yxatini yangiladi va amaliyotlarni davom ettirishga kelishildi. Ukraina prezidentining ma’lum qilishicha, joriy yilning o‘zidayoq mamlakat mudofaa kuchlari «uzoq masofali sanksiyalar» doirasida mingdan ortiq o‘t ochish vazifasini bajargan.

Qanday ob’yektlar nishonga olinmoqda?

Ukrainalik harbiy tahlilchilarning fikricha, asosiy nishonlar Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlari, neft bazalari va quvur tarmoqlaridagi nasos stansiyalaridir. Shu bilan birga, Penzada raketa qismlari ishlab chiqaradigan zavod, Cheboksaridagi «VNIIR-Progress» korxonasi, havo mudofaa tizimlari, harbiy kemalar, logistika markazlari hamda so‘nggi vaqtlarda Wildberries kompaniyasining omborlari ham zarbalar ostida qolmoqda.

Ukraina tomoni bu logistika markazlaridan Rossiya armiyasi ehtiyojlari uchun sanksiyalar ostidagi butlovchi qismlarni tashishda foydalanilganini iddao qilmoqda.

Zarbalar geografiyasi kengaymoqda

Ukraina dronlari va boshqa uzoq masofali qurollari Rossiyaning avval xavfsiz hisoblangan hududlariga ham yetib bormoqda. Ular Yaroslavl viloyati, Udmurtiya, Perm o‘lkasi, Boshqirdiston va Ufadagi neft ob’yektlariga, shuningdek, Kaspiy dengizidagi nishonlarga ham zarba bergan.

Ukraina manbalariga ko‘ra, ayrim nishonlar mamlakat chegarasidan 3 ming kilometrdan ortiq masofada joylashgan.

Tahlilchilar Rossiyaning ulkan hududi havo mudofaa tizimlari bilan barcha infratuzilmani bir vaqtning o‘zida himoya qilishni qiyinlashtirayotganini ta’kidlamoqda.

Arzon dronlar asosiy vositaga aylandi

Ukraina uzoq masofali kampaniyasida mahalliy ishlab chiqarilgan FP-1 kabi kamikadze-dronlar asosiy o‘rinni egallamoqda. Defense Express keltirgan Ukraina Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, chuqur hududlardagi nishonlarning qariyb 54 foizi aynan shu turdagi dronlar orqali yo‘q qilingan.