Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toliblar Bonnda Afg‘oniston bosh konsulxonasini ochmoqda
Avvalgi Afg‘oniston bosh konsuli oktyabr oyida iste’foga chiqqan, shundan so‘ng toliblar Bonnda o‘zining diplomatik vakolatxonasini ochdi. Bonndagi konsulxona Afg‘onistonning Germaniyada «Tolibon» nazoratida bo‘lmagan so‘nggi muassasasi edi.
Bonnda 10 noyabr kuni Afg‘onistonning bosh konsulxonasi yana faoliyatini boshladi — bu safar mamlakatda hokimiyat tepasiga kelgan «Tolibon» harakati yuborgan vakil bilan. Afg‘oniston bosh konsulxonasi faoliyati qayta tiklangani haqida avvalroq Kobuldagi tashqi ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoq X orqali xabar bergan.
Germaniya rasman Afg‘onistondagi toliblar hukumatini tan olmagan, biroq bundan oldin ular vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan. GFR hukumati Bonndagi toliblar konsulxonasi Germaniyada noqonuniy bo‘lib turgan afg‘on fuqarolarini vataniga qaytarishda ko‘maklashishiga umid qilyapti. Afg‘oniston bosh konsulxonasi Myunxenda ham ochilgan. Bundan tashqari, Berlinda Afg‘oniston elchixonasi faoliyat yuritmoqda.
Bundan avval GFR hokimiyati Bonn va Berlindagi dipvakolatxonalarni nazoratga olishi uchun ikki tolib-diplomatga kirishga ruxsat bergan edi. Germaniyaning jamoat-huquqiy mediakompaniyasi ARD o‘z jurnalistik surishtiruviga tayanib, tolib-diplomatlar Bonnda yashovchi afg‘onlar bilan aloqalar o‘rnatganini xabar qildi. ARD ma’lumoticha, Bonnda o‘z konsulxonasini ochish toliblar uchun muhim bo‘lgan, chunki bu Afg‘onistonning Germaniyada ular nazoratida bo‘lmagan so‘nggi dipvakolatxonasi edi.
Bonnda konsulxona ochilishi qochqinlarga yordam tarafdori bo‘lgan Seebrücke harakati norozilik aksiyalari bilan kuzatildi. Harakat faollari GFR hukumatidan toliblar bilan diplomatik munosabatlarni to‘xtatishni va yangi bosh konsul Said Mustafo Hoshimiyni Germaniyadan chiqarib yuborishni talab qilmoqda.
Bonndagi Afg‘onistonning sobiq bosh konsuli, «Tolibon»ga qarshi bo‘lgan Hamid Nangialay Kabiri oktyabr oyi boshida, jumladan, Germaniya TIV tomonidan ko‘rsatilgan bosim sabab, iste’foga chiqishga majbur bo‘lgan. Shundan so‘ng Germaniya toliblarga vakolatxonani topshirishga ruxsat bergani qaroriga qarshi ishora sifatida boshqa barcha xodimlar ham konsulxonani tark etgan. Tolib vakillari kelishi munosabati bilan Kabirining videomurojaatida bu qaror yo‘l qo‘yib bo‘lmas ish ekani, Afg‘oniston fuqarolariga doir maxfiy hujjatlar va ma’lumotlar xavfsizligiga jiddiy tahdid tug‘dirishi ta’kidlangan.
Dpa agentligi ma’lumoticha, sobiq bosh konsul Hamid Nangialay Kabiri Germaniyadan boshpana so‘rab ariza topshirgan, bu arizaning muvaffaqiyat qozonishi ehtimoli mavjud.
ARD ta’kidlashicha, Bonndagi konsulxona bilan birga toliblar u yerda saqlanayotgan maxfiy ma’lumotlarga ham kira oladi. Ilgari ushbu dipvakolatxona Yevropada, Kanadada va Avstraliyadagi Afg‘oniston elchixonalari va konsulxonalarining IT tizimlari uchun uzel (hab) vazifasini bajargan. Bu ma’lumotlar toliblar qo‘liga tushishi qochqinlar hamda Afg‘onistondagi ularning oilalariga zarar yetkazishi mumkinligi borasida jiddiy xavotirlar mavjud.
Mavzuga oid
21:23 / 04.12.2025
«Tolibon» 13 yoshli bolani omma oldida qatlni ijro etishga majburladi
20:27 / 02.12.2025
Tojikiston afg‘on chegarasini qo‘riqlash uchun Rossiyadan harbiy yordam so‘radi
19:03 / 02.12.2025
Tojik-afg‘on chegarasida yana ikki xitoylik halok bo‘ldi, Xitoy xavfsizlikni ta’minlashni talab qildi
17:36 / 02.12.2025