Davlat rahbari kuz-qish mavsumi uchun asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari zaxiralarini yaratish ishlari olib borilayotganini qayd etar ekan, endi bu ish yilning barcha fasllarida davom ettirilishi, narxlar barqarorligini ta’minlash uchun doimiy intervensiya mexanizmi ishga tushirilishini aytdi.
Yaqinda ozuqabop, moyli ekinlar va kartoshka yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi moliyaviy mexanizmlar e’lon qilingani ham eslatib o‘tildi. Jumladan:
kelgusi yilda fermerlarga 2025 yilda olgan hosili qiymatining 50 foizi miqdorida Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 12 foizli kredit ajratiladi;
xorijiy valutadagi kreditlar bo‘yicha 8 foizdan oshgan foiz stavkasi davlat tomonidan qoplab beriladi;
kreditlarning 50 foizgacha qismiga davlat kafolati (kafillik) taqdim etiladi.
Shuningdek, har yili «in-vitro» laboratoriyalarda virusdan xoli 10 milliondan ortiq kartoshka mini-tuganaklari tayyorlanib, urug‘chilik xo‘jaliklariga bepul berilishi belgilangan. Bu choralar ichki bozorni sifatli urug‘ va mahsulot bilan ta’minlash, importga bog‘liqlikni kamaytirish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgani ta’kidlandi.










