Jahon | 11:12 / 18.12.2025
2448
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Zaporijjyadagi uyga zarbasi oqibatida 32 kishi jarohatlandi

Rossiya Zaporijjya shahri va Zaporijjya tumaniga dronlar hamda boshqariladigan aviabombalar bilan zarba berdi. Zaporijjya viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Ivan Fedorovning bildirishicha, turar joy uylari, ma’muriy va o‘quv binolari shikastlangan.

Foto: Stringer/REUTERS

Chorshanba kuni, 17 dekabrda, Rossiyaning Zaporijjya shahri va Zaporijjya tumaniga bergan uchta zarbasi oqibatida kamida 32 kishi yaralangan, ular orasida bir bola ham bor, deb Telegram’da xabar qildi Zaporijjya viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Ivan Fedorov.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainaga qarshi tajovuzkorona urushni davom ettirayotgan RF armiyasi Zaporijjyaga boshqariladigan aviabombalar bilan zarba bergan. Natijada turar joy uylari, infratuzilma obekti va o‘quv muassasasi shikastlangan. “Viloyat markazida ikkita turar joyga zarba tegdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, vayronalar ostida odamlar bo‘lishi mumkin”, — deb yozdi Fedorov.

Ukraina Qurolli kuchlarining Havo kuchlari 17 dekabr kuni kunduzi RFning Zaporijjya shahri va Zaporijjya viloyatiga aviabombalar hamda dronlardan foydalangan holda hujumi davom etayotgani haqida ogohlantirdi. Mintaqada havo hujumi xavfi saqlanib qolmoqda.

Bundan tashqari, Ukraina QKda Xarkiv, Xerson, shuningdek Odessa viloyatidagi Chernomorsk shahrida dron zarbalari xavfi borligi haqida ham xabar qilingan. Havo kuchlari kanalida aytilishicha, dronlarning ayrimlari mamlakatning g‘arbiy qismi tomon ham yo‘nalmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid