Xitoy Just Mission 2025 nomli keng ko‘lamli harbiy mashqlarni o‘tkazyapti. Mashqlar Tayvan sohillari yaqinidagi beshta dengiz hududida va uning yaqinidagi havo makonida jangovar otishmalarni ham o‘z ichiga oladi. Bu haqda dushanba, 29 dekabr kuni, Xitoy Xalq ozodlik armiyasining Sharqiy jangovar qo‘mondonligi vakili Shi I ma’lum qildi.
Xitoy harbiylarining bayonotida aytilishicha, bu “Tayvan mustaqilligi” manfaatlari yo‘lida harakat qilayotgan separatist kuchlar va Tayvan ishlariga aralashayotgan tashqi kuchlar uchun jiddiy ogohlantirish” bo‘lib, “Xitoyning suvereniteti va milliy birligini himoya qilish uchun qonuniy va zarur chora” hisoblanadi.
Hujjatda qayd etilishicha, mashqlar “dengiz va havoda jangovar tayyorgarlik patrullarini tayyorlash, integral nazorat o‘rnatish, asosiy portlar va hududlarni to‘sib qo‘yish hamda ko‘p o‘lchamli tiyib turish amaliy ishlarini bajarish”ga qaratilgan.
Dpa agentligi ta’kidlashicha, bu — aprel oyidan beri Xitoyning Tayvan sohillari yaqinida o‘tkazayotgan ilk yirik harbiy mashqlaridir.
Bundan oldin AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Tayvanga qiymati 11,1 mlrd dollar (9,4 mlrd yevro) bo‘lgan qurol-yarog‘ paketini sotishni ma’qullagan edi. Tayvan hukumati 18 dekabr kuni bildirishicha, paket tarkibiga HIMARS reaktiv yalpi o‘t ochish tizimlari, Javelin tankka qarshi raketalari, Altius dronlari, gaubitsalar va boshqa uskunalar uchun ehtiyot qismlar kirgan. Reuters agentligi qayd etganidek, bu AQSh Taybeyga yetkazib berishni rejalashtirgan qurol-yarog‘ning rekord partiyasidir.
Qurol yetkazib berish haqidagi e’lon Pekin Tayvanga nisbatan harbiy va diplomatik bosimni kuchaytirayotgan bir paytda yangradi. Xitoy Tayvanni o‘zining isyonkor provinsiyasi deb hisoblaydi. XXR unga kuch ishlatish bilan tahdid qilmoqda.
Pekin Tayvanga qurol sotish rejasini tanqid qildi. Xitoy TIV ma’lum qilishicha, bu qadam Xitoy va AQSh o‘rtasidagi diplomatik kelishuvlarni buzadi, XXRning suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga jiddiy ziyon yetkazadi hamda mintaqaviy barqarorlikni izdan chiqaradi.
Taxminan 23 million aholisi bor Tayvan — qisman tan olingan demokratik davlat. Rasmiy Pekin uni “isyonkor provinsiya” va Xitoy Xalq Respublikasi hududining bir qismi deb hisoblaydi. Orol hokimiyati Pekin 1980-yillardan beri ilgari surib kelayotgan “bir mamlakat — ikki tizim” modelini rad etadi. So‘nggi yillarda Xitoy orol sohillari yaqinida ko‘p bor yirik harbiy mashqlar o‘tkazgan, qator harbiy tahlilchilar buni ehtimoliy bosqinga tayyorgarlik deb baholagan. Tayvanni materik Xitoydan ajratib turadigan bo‘g‘ozdan boshqa davlatlar harbiy kemalarining o‘tishi Pekinda provokatsiya sifatida qabul qilinadi.
XXR raisi Si Jinping bir necha bor Tayvanni materik Xitoy bilan “qayta birlashtirish” haqida gapirgan va Pekinning orol ustidan suverenitet o‘rnatish muddati sifatida 2027 yilni atagan. Trampning ikkinchi prezidentlik muddati esa 2029 yil boshida tugashi kerak.
Vashington Tayvan mustaqilligini tan olmaydi va Taybey bilan diplomatik munosabatlarga ega emas. AQSh 1979 yilda qabul qilingan “Tayvan bilan munosabatlar to‘g‘risidagi qonun” doirasida orolga qurol sotadi. Ushbu hujjat o‘zini himoya qilish uchun qurol-yarog‘ yetkazib berishni nazarda tutadi.











