Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dronlarga qarshi yangi davr: 2025 yilning 5 ta eng kuchli harbiy lazeri
2025 yil holatiga ko‘ra AQSh, Buyuk Britaniya, Isroil, Avstraliya va Xitoy havo hujumidan mudofaa uchun lazer qurollaridan foydalanmoqda. Bu harbiy strategiyada jiddiy siljish va jangovar samaradorlikning oshganini ko‘rsatadi.
Foto: UK MOD
Quyida Interesting Engineering nashri talqiniga ko‘ra, 2025 yilda jangovar lazerlar sohasidagi eng yirik beshta ishlanma keltirilgan.
1) AQSh Dengiz kuchlarining 400 kilovattli SONGBOW lazeri
AQSh Dengiz kuchlarining SONGBOW dasturi dunyoda ilk bor kemalarga o‘rnatiladigan, quvvati 400 kilovatt bo‘lgan lazer qurolini yaratishga qaratilgan.
Tizim quvvati 50 kilovattdan bo‘lgan bir nechta sanoat lazerlarini yagona, yuqori energiyali nurga birlashtiradi. U katta masofada dronlar to‘dasi, qanotli raketalar va boshqa yuqori tezlikdagi nishonlarni yo‘q qilishga qodir.
2) Avstraliyaning dronlarga qarshi “qotil”i — Apollo
Avstraliyaning EOS kompaniyasi Apollo tizimini taqdim etdi — u dronlarga qarshi kurashda eng arzon va samarali harbiy lazerlardan biri sifatida ko‘rsatiladi.
Qurilmaning quvvati taxminan 150 kilovatt bo‘lib, u akkumulyatorning bir zaryadida 200 tagacha dronni yo‘q qilishi mumkin. Tizim 360 darajali aylanma qoplamani ta’minlaydi va an’anaviy o‘q-dorilardan foydalanishni talab qilmaydi.
3) Isroilning Iron Beam tizimi jang maydoniga chiqmoqda
Isroil, da’vo qilinishicha, “dunyodagi ilk jangovar lazer”ni — yer ustidagi Iron Beam tizimini joylashtirgan. U bir necha soniya ichida dronlar, raketalar va minomyot snaryadlarini yo‘q qilishga qodir.
Iron Beam Isroilning havo mudofaasi tizimiga kiritilgan bo‘lib, ayniqsa ommaviy hujumlar paytida raketa majmualariga nisbatan ancha arzon narxda tahdidlarni tutib qolish imkonini beradi.
4) Buyuk Britaniyaning DragonFire lazeri
Buyuk Britaniya DragonFire lazer tizimini sinovdan o‘tkazdi va unga buyurtmalar berdi. Testlar vaqtida lazer dronlarni muvaffaqiyatli ravishda nishonga olgan.
Bir “o‘q uzish” qiymati taxminan 10 funt sterling deb baholanadi. Tizimning aniqligi esa 1 kilometr masofada tangacha keladigan o‘lchamdagi nishonni urish imkonini beradi. Bu DragonFire’ni Buyuk Britaniya Dengiz kuchlari va quruqlik qo‘shinlarini kelgusida jihozlash uchun juda jozibador qiladi.
5) Xitoyning AQSh lazerlaridan ustun bo‘lishga qaratilgan stavkasi
Xitoy LY-1 lazer tizimini taqdim etdi va u Amerikaning o‘xshash ishlanmalaridan, jumladan past parvoz qiluvchi nishonlar hamda dronlarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan ELIOS tizimlaridan ustun ekanini ma’lum qildi.
Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi Dengiz kuchlari kemalariga joylashtirilgan va quruqlikdagi sinovlardan o‘tgan bu lazerlar AQSh va Xitoy o‘rtasidagi kengroq qurollanish poygasining bir qismiga aylangan — maqsad yuqori quvvatli, aniq va nisbatan arzon yo‘naltirilgan energiya asosidagi mudofaa vositalarini yaratish.
2025 yildagi ishlanmalar shundan dalolat beradiki: yuqori quvvatli, yuqori aniqlikka ega va nisbatan arzon lazer qurollari endi futuristik g‘oya emas. Ular tez sur’atda dronlar va boshqa havo tahdidlariga qarshi kurashning standart vositasiga aylanib bormoqda.
Mavzuga oid
14:49 / 27.06.2025
BMT: Dronlar Ukrainadagi urushda tinch aholini tobora ko‘proq nishonga olmoqda
14:58 / 01.09.2021
Dronda ovqat tashish va boshqalar: Yevropaning 2021 yilgi asosiy startaplari
19:45 / 09.02.2019
Germaniya hukumati dronlardan himoyalanish uchun yangi tizimlar sotib oladi
16:32 / 11.08.2018