Jahon | 11:50 / 27.01.2026
2382
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Ukraina, Rossiya va AQShning yangi uchrashuvi 1 fevral kuni bo‘lib o‘tadi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Abu-Dabida RF va AQSh bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar haqida batafsil hisobot olganini va joriy haftada yangi uchrashuv bo‘lishini ma’lum qildi.

Foto: Telegram / V_Zelenskiy_official

Ukraina, Rossiya va AQSh delegatsiyalarining uch tomonlama muzokaralarining yangi raundi Abu-Dabida 1 fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 26 yanvar, dushanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qildi. U bu bayonotni Ukraina delegatsiyasining BAAda bo‘lib o‘tgan ikki kunlik uchrashuvi haqida batafsil hisobotni olganidan keyin bergan.

“Uzoq vaqtdan so‘ng yana amerikaliklar va rossiyaliklar bilan format tiklandi. Turli masalalarni, ko‘proq harbiy xususiyatdagi — urushni tugatish qadamlari va haqiqiy nazorat, monitoring masalalarini muhokama qilishga ulgurdik”, — dedi Zelenskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, hal etilmay qolgan siyosiy masalalar ham muhokama qilingan.

“Keyingi uchrashuvga tayyorlab borilishi kerak bo‘lgan masalalar bor. Oldindan jamoalar yana yakshanba kuni (1 fevral — tahr.) uchrashishi haqida gaplashgan edik. Agar bu uchrashuvni tezlashtirishning iloji bo‘lsa, yaxshi bo‘ladi”, — dedi u. Zelenskiy Ukraina “muhokama qilinishi va kelishib olinishi shart bo‘lgan barcha narsalar bo‘yicha maksimal darajada tayyor” bo‘lishini ham va’da qildi.

“Ukraina har doim tinchlik tomonida bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Bu urush haligacha davom etayotganining yagona sababchisi — Rossiya. Diplomatiyadan real natijalar kerak. Rossiyaliklar muzokaralar jarayonidan o‘ta qattiq maqsadda — Rossiyaga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan yangi bosim choralarini kechiktirish uchun — foydalanyapti, degan taassurot qolmasin”, — deb ta’kidladi Ukraina prezidenti. U hamkorlarni Rossiyaga bosim haqida unutmaslikka chaqirdi — u aytishicha, RFning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi qariyb to‘rt yildan beri davom etyapti.

AQSh, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi ikki kunlik muzokaralar 23–24 yanvar kunlari Abu-Dabida yopiq tarzda bo‘lib o‘tgan. Kiyev delegatsiyasiga Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (MXMK) kotibi Rustem Umerov rahbarlik qilgan. Muzokaralarda prezident ofisining rahbari Kirill Budanov ham ishtirok etgan. Rossiya tomonidan BAAda Mudofaa vazirligi amaldorlari — Bosh shtab Bosh boshqarmasi rahbari Igor Kostyukov boshchiligida qatnashgan. Volodimir Zelenskiy muzokaralarni “konstruktiv” deb baholagan, uning aytishicha, muhokamalar urushni tugatishning ehtimoliy parametrlari va Ukraina uchun zarur xavfsizlik kafolatlariga qaratilgan.

Uch davlat vakillari urush boshlanganidan beri birinchi marta AQShning tinchlik rejasi bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri maslahatlashuvlar o‘tkazgan. Muzokaralar arafasida Moskva o‘zining eng yuqori talabini — Ukraina armiyasini butun Donbassdan, shu jumladan avval Rossiya nazoratida bo‘lmagan hududlardan ham olib chiqishni yana tasdiqlagan. Ukraina bunga qat’iy rozi emas. Muzokaralar fonida RF Ukrainaga qarshi ommaviy hujumlarni davom ettirmoqda. Kiyevda esa Rossiya raketalari, jumladan, tinchlik jarayoniga qarshi ham yo‘naltirilgani aytiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid