Ukraina dronlari 29 iyul kuni tongda Wildberries’ning Ryazandagi omboriga hujum uyushtirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fotosuratlar va videoyozuvlarda hududda kuchli yong‘in chiqqanini ko‘rish mumkin. Binoning bir qismi qulab tushgan.

Wildberries’dagilar Ryazandagi ombor «vaqtincha buyurtmalarni qabul qilmasligi», xodimlar esa evakuatsiya qilingani haqida ma’lum qilgan.

Ukraina 18 iyuldan buyon Wildberries’ning logistik markazlari va omborlariga hujum qilib kelmoqda. O‘tgan vaqt ichida Rossiyaning turli hududlari va anneksiya qilingan Qrimda jami 10 ta ombor dronlar hujumi ostida qoldi.

Rossiya hukumati Ukrainaning kompaniya omborlariga uyushtirgan bir qator hujumlaridan so‘ng Wildberries marketpleysi va unga aloqador tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Reuters agentligiga ko‘ra, bunda VTB banki asosiy rolni o‘ynashi mumkin.

Agentlik manbasi ta’kidlashicha, Wildberries qiyin vaziyatga tushib qolgan va barqaror faoliyatini saqlab qolish uchun davlat banklaridan yordam so‘rashga majbur bo‘ladi.

Kompaniyaga yaqin va muzokaralar jarayoni bilan tanish bo‘lgan manbaning aytishicha, Wildberries asoschisi Tatyana Kim hukumat bilan ehtimoliy yordam choralarini muhokama qilmoqda. Ular orasida kompensatsiya to‘lovlari fonida kompaniyaga bo‘lgan bosimni kamaytirishi mumkin bo‘lgan soliq imtiyozlari ham bor.

Qo‘llab-quvvatov marketpleysning o‘ziga yoki uning sotuvchilariga kreditlar shaklida, shuningdek, soliq imtiyozlari yoki subsidiyalar shaklida taqdim etilishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Kreml Wildberries bilan bog‘liq vaziyat hukumat nazorati ostida ekanini ma’lum qilgan, ammo hozircha qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida hech qanday qaror qabul qilinmagan.

VTB banki raisi o‘rinbosari Dmitriy Pyanov agar bunday so‘rov tushadigan bo‘lsa, Wildberries’ni kredit bilan qo‘llab-quvvatlashni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.