Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qirg‘izistonga qarshi sanksiyalar, qulagan oltin narxi va Trampning minerallar zaxirasi – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Jahon bozorida oltin va kumush narxi quladi
2 fevral kuni oltin bir troya unsiyasi uchun tarixiy maksimal 5600 dollarga yaqin narxdan 4400-4800 dollar diapazoniga tushdi, bu taxminan 15-20 foizga qulaganini anglatadi.
Kumush narxi yanada keskin pasayishni ko‘rsatdi: narx bir unsiya uchun 120 dollardan 75-80 dollargacha pasayib, qisqa vaqt ichida taxminan 30 foizni yo‘qotdi.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, bir nechta savdo sessiyalarida bunday keng ko‘lamli o‘zgarish hatto qimmatbaho metallarning o‘zgaruvchan bozori uchun ham xos emas.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, joriy pasayish narxlarning ekstremal o‘sishidan keyingi «tuzatish» xususiyatiga ega bo‘lishi mumkin. Bozorlarning keyingi dinamikasi Federal zaxiraning real qadamlari, FZT yangi rahbariyati siyosati va AQSh dollarining «xatti-harakatlariga» bog‘liq bo‘ladi.
Tramp muhim minerallar zaxirasi yaratilishini e’lon qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp strategik ahamiyatga ega foydali qazilmalar zaxirasini yaratish haqida e’lon qildi.
“Bugun biz Project Vault deb nomlanadigan loyihani ishga tushiramiz. U Amerika korxonalari va ishchilari resurslar yetishmovchiligidan zarar ko‘rmasligini kafolatlaydi”, - dedi u 2 fevral kuni Oq uyda o‘tkazilgan tadbirda.
Trampning aytishicha, loyiha 1,67 mlrd dollar xususiy kapitalni AQSh Eksport-import banki tomonidan ajratiladigan 10 mlrd dollarlik kredit bilan birlashtiradi. Bu mablag‘lar minerallarni xarid qilish va saqlashga yo‘naltiriladi.
Zaxiralar birinchi navbatda avtomobilsozlik va texnologiya kompaniyalari ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan. Prezident bu zaxira milliy mudofaa ehtiyojlari uchun avval yaratilgan strategik zaxira tamoyili asosida tashkil etilishini ta’kidlab, tashabbusni “ajoyib g‘oya” deb atadi.
AQSh ichki ishlar vaziri Duglas Bergam esa shu hafta “yana 11 ta davlat” muhim minerallar savdo klubiga qo‘shilishi e’lon qilinishini bildirdi.
Ukrainada minus 30 daraja sovuq bo‘lishi kutilyapti
Ukrainada — deyarli to‘rt yildan beri Rossiyaning to‘laqonli bosqiniga qarshi himoyalanib kelayotgan mamlakatda qattiq sovuqlar kutilyapti. Mamlakat shimolidagi Sumi va Chernixiv viloyatlarida havo harorati -30 darajagacha pasayishi mumkin. Bu haqda dushanba, 2 fevral kuni “RBK-Ukraina” Ukrgidrometmarkaz meteoprognozlar bo‘limi rahbari Natalya Golenyaga tayanib xabar qildi.
Avvalgi kechada Ukraina shimolida havo harorati -29°C gacha tushgan. Demak hozirgi sovuqlar ikki hafta oldin kuzatilgan sovuqlardan ham kuchliroq. Ular yana ikki sutka davom etadi, shundan keyin qisqa muddatli ilish kutilyapti — mamlakatning katta qismida kunduz kuni havo harorati 0°C gacha yoki musbat qiymatlarga ko‘tariladi. 8 fevraldan esa yana sovuqlar kuchayishi kutilmoqda.
Nashr qayd etishicha, Ukrainada qattiq sovuqlar kam uchraydi, bu qishning o‘ziga xos jihati esa uning uzoq davom etishi bo‘lishi mumkin.
Shu kuni Rossiya Ukrainaning energetik infratuzilmasiga qaytadan zarba berishni boshladi va shu bilan to‘rt kun oldin e’lon qilingan “energetik sulh”ni buzdi. 2 fevralga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Xarkiv, Sumi, Dnipropetrovsk va Cherkassk viloyatlaridagi energetika obektlariga hujum qilganini Ukraina energetika vaziri birinchi o‘rinbosari Artyom Nekrasov bildirdi.
YeI Qirg‘izistonga qarshi sanksiyalar rejasini muhokama qilmoqda
Yevropa Ittifoqi (YeI) 2026 yilda Rossiyaga qarshi 20-paket sanksiyalar doirasida Qirg‘izistonga nisbatan birinchi marta maxsus choralar joriy etishni ko‘rib chiqmoqda. Bu sanksiyalar muhokamasi Rossiyaning Ukrainadagi urushdagi harakatlariga qarshi kurash doirasida olib borilayotgan kengaytirilgan choralar bilan bog‘liq.
Bloomberg manbalariga ko‘ra, Qirg‘iziston yaqin yillarda Rossiya bilan savdo yo‘llarida muhim o‘ringa aylangan va ayrim Yevropa tovarlarining Rossiyaga kirishida hal qiluvchi tranzit nuqtasi bo‘lib xizmat qilgan. Bu holat YeI tomonidan “sanksiyalar chegarasidan qochish” mexanizmidan foydalanish deb baholanmoqda va shunday deb hisoblanmoqda.
Muhokama qilinayotgan choralar orasida Qirg‘izistonga muayyan texnika va radioelektron jihozlar eksport qilishni taqiqlash ham bor. Bu mexanizm YeI tomonidan birinchi marta uchinchi mamlakatga nisbatan qo‘llanishi mumkin.
YeI rahbarlari yangi 20-sanksiyalar paketini 2026 yilning 24 fevraligacha tasdiqlashni rejalashtirmoqda. Ushbu paket asosan Rossiyaning neft, bank sektori va yevrobozordagi sohaga nisbatan qaratilgan yangi cheklovlarni o‘z ichiga oladi, ammo bo‘lajak choralar aniq tasdiqlangan emas.
Mavzuga oid
15:13 / 02.02.2026
Eron-Xitoy harbiy mashg‘ulotlari rejasi, Pokistonda o‘ldirilgan yuzlab jangarilar va Turkiyadagi mudhish avtohalokatlar – kun dayjesti
16:53 / 31.01.2026
JARdan «haydalgan» Isroil diplomati, «Epshteyn ishi»da ochiqlanayotgan millionlab hujjatlar va Panama kanali boshqaruvidan olingan Xitoy kompaniyasi – kun dayjesti
16:41 / 30.01.2026
Muzokaralarga tayyor Eron, Xitoyda qatl etilgan 11 kishi va qisqa otashkesimga rozi bo‘lgan Putin – kun dayjesti
15:07 / 29.01.2026