Tramp Saudiyaga shart qo‘ydi

Donald Tramp kutilmaganda AQSh-Saudiya yadroviy bitimini «Ibrohim kelishuvlari»ga qo‘shilish bilan bog‘ladi. Agar Saudiya Arabistoni Isroil bilan munosabatlarni normallashtirmasa, uranni boyitish imkonini beradigan bitimdan mahrum bo‘ladi.

22 iyul kuni tomonlar AQSh texnologiyalaridan foydalangan holda uranni boyitish hamda yadro reaktorlarini qurishga ruxsat beruvchi kelishuvni e’lon qilgandi.

Payshanbaga kelib AQSh prezidenti Donald Tramp Truth Social'dagi sahifasida «fuqarolik yadroviy kelishuvi faqat noharbiy foydalanishga taalluqli bo‘lib, u – to‘liq Saudiya Arabistonining 'Ibrohim kelishuvlari'ga qo‘shilishiga bog‘liq bo‘ladi», deb yozdi.

AQSh prezidenti postida aynan nimani nazarda tutgani aniq emas. Bu bayonot qurollarda ishlatiladigan yuqori darajada boyitilgan uranga taalluqli yoki yo‘qligi ham noma’lum.

Saudiyaning Vashingtondagi elchixonasi Trampning ushbu postiga hozircha izoh bermadi.

Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt ham Tramp – arab ittifoqchilari bilan bitimni «Ibrohim kelishuvi»ga bog‘lash haqida ko‘p gaplashganini ta’kidladi.

BAA va Bahrayn Trampning birinchi muddatida «Ibrohim kelishuvlari»ni imzolagan bo‘lib, so‘nggi chorak asrda Isroilni tan olgan birinchi arab davlatlariga aylandi. Qirollik esa Falastin davlatchiligi sari aniq yo‘l ko‘rinmaguncha unga qo‘shilishni rad etib kelayotgandi.

Saudiyaga qo‘yilgan ushbu shartni Isroil mamnuniyat bilan kutib oldi. Oq uy so‘zchisi Netanyahu Trampdan shunday shart qo‘yishni so‘ragani haqidagi savolga buni bilmasligini aytdi. «Menda bor ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘q», dedi u jurnalistlarga.

Avvalroq Amerika va isroillik siyosatchilar qirollikka katta yon berilgan ushbu rejaga qarshi ekanini ochiq aytib kelishayotgandi. Ular Saudiya fuqarolik loyihasidan yadro qurolini ishlab chiqishda foydalanishidan xavotirda.

Ukraina yana WB omborlariga hujum qildi

Juma kuniga o‘tar kechasi Qrimda, Leningrad viloyati va Tverda Wildberries kompaniyasining omborlari yana Ukraina hujumlariga uchradi.

Guvohlar tasvirlariga ko‘ra, hujumdan so‘ng Leningrad viloyatining Novosaratovka qishlog‘ida joylashgan WB omborida yong‘in chiqqan. Ushbu ombor Sankt-Peterburgning ma’muriy chegarasidan biroz tashqarida joylashgan bo‘lsa-da, u asossan Peterburgga xizmat ko‘rsatgani uchun ko‘pincha «Wildberries Sankt-Peterburg ombori» deb ataladi.