O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh-Saudiya yadroviy kelishuvi
AQSh Energetika vazirligi chorshanba kuni Saudiya Arabistoni bilan fuqarolik yadro energetikasi bo‘yicha tarixiy kelishuvga erishilganini e’lon qildi. AP1000 reaktorlarini qurish bo‘yicha o‘nlab milliard dollarga teng kelishuv 30 yil davomida amalga oshiriladi va AQSh kompaniyalariga katta foyda olib kelishi kutilmoqda.
Ushbu kelishuv Saudiya Arabistoniga Amerika texnologiyalaridan foydalangan holda yadroviy reaktorlar qurish, uranni boyitish va yadroviy chiqindilarni qayta ishlashga ruxsat beradi. Bu jarayonlar esa yadro qurolini yaratishning potensial yo‘lidir. BAA 2009 yilda AQSh bilan shunga o‘xshash shartnoma imzolaganda, uranni boyitish va yadroviy chiqindilarni qayta ishlash huquqidan voz kechishga majbur bo‘lgandi.
AQSh Energetika vazirligi axborotida aytilishicha, tomonlar ikki tomonlama kafolatlar to‘g‘risidagi bitim bilan birga «1 2 3 kelishuvi» nomi bilan tanilgan paktni imzoladi. Oq uyga ko‘ra, kelishuv AQShning qurollarni tarqatmaslik shartlariga ham amal qiladi.
Shartnoma endi Kongressga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi. Agar Kongress 90 sessiya kuni ichida kelishuvga qarshi ovoz bermasa, bitim kuchga kiradi. Biroq prezident vetosini bekor qilish uchun kamida uchdan ikki qism ko‘pchilik ovozi talab etiladi.
Saudiya Arabistoni bilan fuqarolik yadroviy kelishuvi Trampning birinchi davrida va Bayden davrida ham muhokamada edi. Biroq shu vaqtgacha hech qanday shartnoma imzolanmagan. Bunga qisman qurollarni tarqatmaslik tarafdori bo‘lgan guruhlarning ogohlantirishlari sabab bo‘lgan.
Hozir ham ayrim yadroviy soha ekspertlari, isroillik va amerikalik siyosatchilar ushbu bitimga qarshi ovoz berishga chaqirmoqda.
Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon qirollik yadro quroliga ega bo‘lishni xohlamasligini bildirgan. Ammo MBS, agar Eron bunday qurol yaratsa, Saudiya ham shunday qilishini bir necha bor ochiq ta’kidlagan.
Hindistonda «Tarakanlar»ning namoyishlari
Hindistonda so‘nggi haftalarda «Cockroach Janta Party» - «Tarakanlar xalq partiyasi» nomi ostida birlashgan minglab «Z avlod» yoshlari hukumatga qarshi namoyishlar o‘tkazmoqda.








