AQSh-Eron bombardimonlarni to‘xtatdi

Agar AQSh xuddi shunday yo‘l tutsa, Eron ham o‘z hujumlarini to‘xtatadi. Bu haqda Eron yuqori martabali rasmiysi Reuters agentligi bilan suhbatda aytib o‘tgan.

Ismi oshkor etilmasligi sharti bilan gapirgan eronlik rasmiy Tehronning pozitsiyasi «'hujumga javoban hujumʼ bo‘lib qolmoqda: agar hujumlar to‘xtasa, Eron ham o‘z operatsiyalarini to‘xtatadi. Bu xabar AQShga yetkazilgan», dedi.

Shu kunlarda prezident Trampga ham uning maslahatchilari «nishonlar tugab borayotgani va AQSh arsenali kamayib borayotgani»dan xavotir bildirishgandi.

Shundan so‘ng, AQShning Eronga qarshi 13 kecha davom etgan shiddatli havo zarbalari juma kuni kechqurun to‘xtadi. Shanba va yakshanba kunlari AQSh tomonidan hech qanday hujum qayd etilmadi. AQShning har bir tungi hujumiga javob qaytarib kelayotgan Eron ham hozircha o‘t ochishni to‘xtatib turibdi.

AQShning BMTdagi elchisi Mayk Vols Tramp diplomatiyaga ko‘proq vaqt berish uchun hujumlarni vaqtincha to‘xtatishga qaror qilganini aytdi. «U muzokaralarga biroz imkoniyat beryapti, biroz joy ajratmoqda», dedi u qo‘shimcha tafsilotlarni keltirmasdan.

Ismi oshkor etilmagan AQSh rasmiysi so‘zlariga ko‘ra, Eronga qarshi yirik harbiy operatsiyalarni qayta boshlash variant sifatida saqlanib qolmoqda. Biroq shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi general Den Keyn Trampga bu o‘q-dorilar zaxirasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi sabab xavfli ekanini uqtirgan. Bu xavf - AQShning Yaqin Sharqdagi havo mudofaasi tizimlari tomonidan qo‘llanadigan tutib qoluvchi raketalarni ham o‘z ichiga oladi.

Isroil G‘azoga xalqaro kuchlarni kiritmoqchi

Bosh vazir Binyamin Netanyahu Vashingtonga jo‘nab ketishidan bir kun oldin Isroil rasmiysi - G‘azoga ko‘pmillatli xavfsizlik kuchlarining kirishiga ruxsat berishini aytdi.

Reutersʼning yozishicha, Netanyahuning xavfsizlik kabineti yakshanba kuni kuchlarning G‘azoga kirishiga imkon beruvchi huquqiy bazani tasdiqladi. Netanyahu bugun Vashingtonga jo‘nab ketishi va seshanba kuni Tramp bilan uchrashishi kutilmoqda.

Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari (ISF) deb nomlangan ushbu missiya Isroil nazorati ostida bo‘lmagan hududlarda joylashtiriladigan «Uganda va Marokash kabi do‘st mamlakatlar»ning 200 nafar a’zosini o‘z ichiga oladi. Har bir kontingent G‘azoga kirishi uchun Isroilning alohida roziligini talab qiladi.