15 fevral kuni sovet qöşinlari Afğonistondan çiqib ketganiga 37 yil töldi. Bu uruş nafaqat mintaqaviy mojaro, balki global geosiyosiy raqobat markaziga ham aylangan edi. Tahlilçilarga köra, Xitoy öz xavfsizligini hisobga olgan holda, sovetlarga qarşi pozitsiya egallagan va AQŞ bilan strategik yaqinlaşuv orqali katta diplomatik yutuqlarga erişgan.

“Geosiyosatkunuz” sahifasida siyosatşunoslar mazkur sana munosabati bilan afğon uruşi mavzusida söz yuritdi.

— Sovetlarning Afğonistonga bostirib kirişiga Xitoyning munosabati qanday bölgan?

Hamza Boltayev: Xitoy Sovet-Afğon uruşi davrida amalda AQŞ tomoniga yaqin pozitsiya tutdi. Buning asosiy sababi 1960 yillardan keyin Sovet ittifoqi bilan munosabatlarning keskin yomonlaşgani edi. 1969 yildagi çegara töqnaşuvlaridan söng Pekin Moskvaning harakatlarini ekspansionistik tahdid sifatida qabul qila boşladi.

1970 yillarda Henri Kissinjyerning Pekinga maxfiy taşrifi va undan keyingi AQŞ–Xitoy yaqinlaşuvi bu jarayonni tezlaştirdi. Natijada Xitoy hududida, xususan Şinjon mintaqasida, AQŞ bilan hamkorlik doirasida razvedka obektlari faoliyat yuritgani haqida ma’lumotlar mavjud. Xitoy uçun masala faqat AQŞ bilan yaqinlaşuv emas edi. Eng avvalo, u sovet qöşinlarining Afğonistonga kirişini öz xavfsizligiga tahdid sifatida kördi.

Afğoniston Xitoyning Şinjon-Uyğur avtonom hududiga yaqin joylaşgan. Bu hududda uyğurlar, qozoqlar, qirğizlar va boşqa turkiy xalqlar yaşaydi. Moskvaning janubga siljişi Pekin nazarida potensial xavf edi. Şu bois Xitoy Sovet ittifoqini mintaqaviy ekspansionist kuç sifatida baholadi va unga qarşi kuçlar bilan bilvosita hamkorlik qildi.

Qurol-yaroğ yetkazib beriş zanjirida Pokiston muhim tranzit rolini öynagan. Ba’zi manbalarga köra, Xitoyda işlab çiqarilgan qurollar ham Pokiston orqali afğon mujohidlariga yetkazilgan.

Sovet ittifoqiga qarşi umumiy strategik manfaatlar AQŞ va Xitoyni yaqinlaştirdi. Bu yaqinlaşuv evaziga Xitoy AQŞning rasmiy rasmiy tan olişiga erişdi, Vaşington Tayvan bilan aloqalarini qayta körib çiqdi. 1980 yillardagi qöşma kommyunikelar, jumladan “Yagona Xitoy” siyosati – Xitoy diplomatiyasining muhim yutuği böldi.

Ya’ni Afğoniston uruşi fonida şakllangan geosiyosiy yaqinlaşuv Pekinning xalqaro legitimligini mustahkamladi. Mintaqada yana bir muhim öyinçi Isroil edi. Sovet ittifoqi uzoq yillar davomida Suriya, Iroq va Misr kabi Isroilga nisbatan duşman pozitsiyadagi davlatlar bilan yaqin harbiy-texnik hamkorlik qilgan. Şu sababli Isroil ham Moskva ta’sirini çeklaşdan manfaatdor edi.