Jahon | 12:40
1671
4 daqiqa o‘qiladi

Mujtaba Xominaiy: Eron tashqi bosimga taslim bo‘lmaydi

Otasi vafotidan so‘ng Eronning oliy rahbari etib saylangan Mujtaba Xominaiy ilk ommaviy bayonotida AQSh va Isroildan qasos olish haqida gapirdi, shuningdek, Fors ko‘rfazi davlatlarini AQSh harbiy bazalarini yopishga chaqirdi.

Foto: Articles And Repors

Eronning yangi oliy rahbari Mujtaba Xominaiy o‘zining ilk ommaviy bayonotida 28 fevraldan buyon AQSh va Isroil Eronga qarshi olib borayotgan urushda halok bo‘lganlar uchun qasos olishga chaqirdi. Uning davlat televideniyesi efirida 12 mart, payshanba kuni e’lon qilingan bayonoti matnini boshqa ommaviy axborot vositalari ham tarqatdi. Xominaiyning o‘zi esa kameralar oldida ko‘rinmadi.

“Biz, ayniqsa, bolalarimiz qoniga nisbatan juda ta’sirchanmiz”, — deyiladi bayonotda. Tehronning ta’kidlashicha, urushning birinchi kuni Minob shahridagi qizlar maktabiga berilgan zarba natijasida kamida 175 kishi halok bo‘lgan. Reuters agentligi xabar qilganidek, amerikalik harbiy tergovchilar bu AQShning Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) bazasiga qilgan hujumlari oqibatida yuz bergan bo‘lishi mumkinligini istisno etmayapti.

Mujtaba Xominaiy, shuningdek, Eron “tashqi tajovuzga taslim bo‘lmasligini” aytdi va mamlakat ichida birlikka chaqirdi. U Tehron e’lon qilgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokada qilishni “muhim bosim dastagi” deb atadi va bu siyosatni davom ettirishini bildirdi. Urushgacha jahon neft savdosining taxminan 20 foizi aynan shu bo‘g‘oz orqali o‘tar edi. 12 martga o‘tar kechasi Eron Fors ko‘rfazidagi ikki neft tankeriga dengiz dronlari bilan hujum qildi, bundan oldin ham ushbu akvatoriyada boshqa fuqaroviy kemalar hujumga uchragan edi. Bu esa jahon neft narxlarining ko‘tarilishiga olib keldi.

Bundan tashqari, Eronning yangi rahbari Fors ko‘rfazi davlatlarini o‘z hududida joylashgan AQSh harbiy bazalarini yopishga chaqirdi. Shu bilan birga, so‘nggi kunlarda Eron ularning hududlarini o‘qqa tutganiga qaramay, Tehronning arab qo‘shnilari bilan munosabatlari “iliq va konstruktiv” ekanini ta’kidladi.

56 yoshli Mujtaba Xominaiyning Eronning yangi oliy rahbari etib saylangani 8 mart kuni e’lon qilingan edi. U mamlakatning avvalgi rahbari, 28 fevral kuni Isroil-AQSh havo hujumlari natijasida o‘ldirilgan Ali Xominaiyning ikkinchi o‘g‘li hisoblanadi. Saylanguniga qadar Mujtaba omma oldida juda kam ko‘ringan va rasmiy lavozimlarni egallamagan, ammo Eron siyosiy elitasida ta’sirli shaxs deb hisoblanardi.

Isroilning “12-kanal”i ma’lumotiga ko‘ra, Mujtaba Xominaiy AQSh va Isroil zarbalari birinchi kuniyoq yaralangan. The New York Times nashrining aniqlik kiritishicha, Xominaiyning oyoqlari shikastlangan. Nashr fikricha, u hozirgacha omma oldiga chiqmaganining asosiy sababi ham shu. Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiy esa Italiyaning Corriere della Sera gazetasiga bergan intervyusida mamlakatning yangi rahbari yaralangani, ammo uning ahvoli og‘ir emasligini aytgan.

Mujtaba Xominaiy o‘zining ilk nutqida, shuningdek, rafiqasi halok bo‘lganini ma’lum qildi va 28 fevral kuni uning qarorgohiga berilgan zarba paytida singlisi, uning turmush o‘rtog‘i va bolasi ham halok bo‘lganini tasdiqladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid