18 iyulga o‘tar kechasi Ukraina Rossiyadagi Wildberries marketpleysining ikkita omboriga hujum qildi – bu omborlarda dronlar uchun ehtiyot qismlar saqlangani bilan izohlangan. Zarbalar oqibatida sakkiz kishi halok bo‘lib, 80 dan ortiq kishi jarohat olgan. Omborlarga va ularda saqlangan mahsulotlarga yetkazilgan zarar miqdori hozircha noma’lum – buni hisoblab chiqishga kamida bir oy vaqt ketadi. Ammo Forbes (shuningdek, «Kommersant» va «Vedomosti») ekspertlarga tayanib, Wildberries va uning sotuvchilari qancha yo‘qotganini baholashga harakat qildi. Xulosa shunday: sotuvchilar ko‘rgan zarar marketpleysning o‘zi ko‘rgan zarardan ancha ko‘p, platformadan to‘liq kompensatsiya olish imkoniyati esa juda kam.
Wildberries qancha yo‘qotgan bo‘lishi mumkin?
Kompaniyaning Moskva oblasti Elektrostal shahridagi ombori (250 ming kvadrat metr maydonni egallagan bu ombor Wildberries’ning eng yirik logistik markazi edi), shuningdek, Tambov oblasti Kotovsk shahridagi ombori (108 ming kvadrat metr maydonga ega, o‘tgan yili ochilgan) Ukraina qurolli kuchlari zarbasi ostida qoldi.
Ekspertlarning baholashicha, Elektrostal va Kotovskdagi omborlar Wildberries ombor maydonlarining 6,5 foizidan 9 foizigacha bo‘lgan qismini tashkil etadi. Bu maydonlar vayron qilinishi marketpleys faoliyatini falaj ahvolga solib qo‘ymaydi, ammo uning logistik tarmog‘iga yuklamani oshirishi mumkin. Shu bilan birga, xaridorlar uchun yetkazib berish muddatlari ancha kechikib ketishi dargumon: Wildberries ko‘plab saralash markazlariga ega va bu yo‘nalishlarni tezda qayta ko‘rib chiqish imkonini beradi.
«Kommersant» va Forbes manbalarining hisob-kitoblariga ko‘ra, omborlarning har bir kvadrat metrini tiklash xarajati 60 mingdan 100 ming rublgacha tushishi mumkin, bu esa jami xarajat 22 milliarddan 36 milliard rublgacha bo‘lishini anglatadi. Taqqoslash uchun: Wildberries’ning 2025 yildagi sof daromadi 175 milliard rublni tashkil etgan.
Yonib ketgan omborlar uchun sug‘urta rasmiylashtirilgani aniq emas. Bozordagilar aytishicha, Wildberries odatda o‘z ob’yektlarini sug‘urtalamaydi. Ammo kompaniya sug‘urtasiz ham zararni mustaqil ravishda bartaraf eta oladi – ayniqsa Elektrostal va Kotovskdagi omborlarga qilingan hujumlar logistika jarayonlarining jiddiy va uzoq muddatli buzilishiga olib kelmasa.










