O‘zbekistonning Belarusdagi yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Nuriddin Mamajonov Minskka yetib bordi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.
Bungacha u Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Nuriddin Mamajonov Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Chexiyaning Bogemiya markaziy universitetini tamomlagan. Yevropa amaliy fanlar va menejment institutining biznes boshqaruvi doktori darajasiga ega.
U Adliya va Tashqi ishlar vazirliklarida, Germaniyadagi elchixonada, Frankfurt-Mayn shahridagi bosh konsulxonada turli lavozimlarda ishlagan. 2022–2023 yillarda O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi, Tashqi ishlar vazirligi Iqtisodiy diplomatiya departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Nuriddin Mamajonov 2024–2026 yillarda O‘zbekistonning Minskdagi elchixonasiga rahbarlik qilgan Rahmatulla Nazarov o‘rniga tayinlandi.











