AQSh Savdo vakili (USTR) idorasi ma’lum qilishicha, yangi tariflar Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Shveytsariya va boshqa qator mamlakatlarni qamrab olgan jami 60 ta savdo hamkoriga nisbatan qo‘llaniladi.
Idoraning bildirishicha, qaror USTR tomonidan o‘tkazilgan maxsus tekshiruvlar yakunlari asosida qabul qilingan. Tergov jarayonida ikki bosqichli ochiq jamoatchilik eshituvlari o‘tkazilgan, 2 100 dan ortiq fikr-mulohaza ko‘rib chiqilgan hamda Vashingtonning savdo hamkorlari bilan ko‘p yillik muammolarni bartaraf etish yuzasidan muzokaralar olib borilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha AQSh talablariga muvofiq choralar ko‘rgan davlatlar mahsulotlariga 10 foizlik import boji qo‘llaniladi. Bu borada yetarli chora ko‘rmagan deb baholangan mamlakatlar uchun esa 12,5 foizlik tarif belgilangan.
Yevropa Ittifoqi, Yaponiya va Shveytsariya AQSh hujjatlarida har ikki stavka qo‘llanishi mumkin bo‘lgan davlatlar qatorida tilga olingan.
Vashington hisob-kitoblariga ko‘ra, yangi choralar mamlakat importining qariyb 99,4 foizini qamrab oladi. Biroq po‘lat va alyuminiy mahsulotlari ushbu qarordan mustasno qilingan, chunki ularga nisbatan avvaldan alohida tariflar amal qiladi. Shuningdek, neft va gaz importi ham yangi cheklovlar doirasiga kiritilmagan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, yangi tariflar amalda AQSh prezidenti Donald Tramp ilgari joriy etgan vaqtinchalik 10 foizlik global import bojlari o‘rnini bosadi. Mazkur tariflar AQShning 1974 yilgi Savdo to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq 150 kunlik muddatga joriy etilgan bo‘lib, ushbu muddat yakunlangani sababli ularning amal qilish imkoniyati tugagan.
AQSh savdo vakili Jyeymison Grirning ta’kidlashicha, mamlakatda majburiy mehnat asosida ishlab chiqarilgan tovarlar importi qariyb bir asrdan buyon taqiqlangan va ushbu talab qat’iy nazorat qilinadi.
«AQShda majburiy mehnat mahsulotlarini import qilish taqiqi deyarli yuz yildan beri amal qiladi. Endi savdo hamkorlarimiz ham xuddi shunday talablarni joriy etish vaqti keldi», - dedi u.











