AQSh Eron bilan urush boshlaganidan buyon kamida yettita samolyotini yo‘qotdi, deb xabar berdi CNN o‘z manbalariga tayanib. 

Eng so‘nggi yo‘qotishlar orasida F-15 qiruvchi va A-10 Thunderbolt II shturmchi samolyoti bor.

Telekanal AQSh aviatsiyasi yo‘qotgan yana beshta samolyotni sanab o‘tdi:

2 mart kuni uchta F-15 samolyoti «do‘stona o‘t ochish» natijasida Kuvayt havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgandi. 

12 mart kuni Iroqda KC-135 yonilg‘i quyuvchi samolyoti halokatga uchradi. Amerika harbiylarining ma’lumot berishicha, samolyot boshqa samolyot bilan to‘qnashib ketgan. Ta’kidlanishicha, ikkinchi samolyot yerga qo‘nishga muvaffaq bo‘lgan.

27 mart kuni E-3 Sentry radiolokatsiya samolyoti Eronning Saudiya Arabistonidagi Shahzoda Sulton aviabazasiga hujumi oqibatida yo‘q qilindi. 

Bundan tashqari, mart oyida F-35 qiruvchi samolyoti eronliklar zarbasidan so‘ng halokatli qo‘nishni amalga oshirgan, dedi CNN manbalari.

Pentagon bu xabar bo‘yicha rasmiy izoh bermadi.

Shuningdek, AQSh 16 ta MQ-9 Reaper dronini yo‘qotdi, deb xabar berdi CBS News ikki nafar mansabdorga tayanib. Ularning ma’lumot berishicha, oxirgi ikkita dron Isfahon hududida yo‘q qilingan.