Tahlilda mamlakatlar suvosti flotlari suvosti kemalarining umumiy soni bo‘yicha baholangan. Bunda ularning turi, yoshi, harakatlantiruvchi qurilmasi yoki jangovar imkoniyatlari hisobga olinmagan.
AQSh va Rossiya birinchi o‘rinda
Global Firepower 2026 reytingiga ko‘ra, AQSh va Rossiya har biri 66 tadan suvosti kemasi bilan birinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi.
AQSh harbiy-dengiz kuchlari tarkibi faqat atom suvosti kemalaridan tashkil topgan. Ular orasida Virginia turkumidagi ko‘p maqsadli submarinalar, Ohio sinfidagi strategik raketa tashuvchilar hamda qanotli raketalar bilan jihozlangan variantlar mavjud. Mutaxassislar Virginia Block V kemalarini dunyodagi eng zamonaviy ko‘p maqsadli atom suvosti kemalaridan biri sifatida baholaydi.
Rossiya floti esa «Borey» loyihasidagi strategik atom suvosti kemalari, «Yasen» loyihasidagi ko‘p maqsadli submarinalar hamda modernizatsiya qilingan sovet davri kemalaridan tashkil topgan.
Xitoy eng tez rivojlanayotgan mamlakatga aylandi
Reytingda uchinchi o‘rinni 61 ta suvosti kemasi bilan Xitoy egallagan. Biroq tahlilchilarning ta’kidlashicha, aynan Xitoy mazkur sohada eng yuqori o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda.
So‘nggi besh yil ichida mamlakat 24 ta yangi suvosti kemasini flot tarkibiga qabul qildi. Bu ko‘rsatkich shu davrda AQSh va Rossiya qurgan yangi submarinalar sonidan ham ko‘p.
Xitoy harbiy-dengiz kuchlari tarkibida Type 093, Type 093A, vertikal uchirish qurilmalariga ega Type 093B hamda Jin sinfidagi strategik atom suvosti kemalari xizmat qilmoqda. Ko‘pchilik tahlilchilarga ko‘ra, hozirgi paytda Xitoy dunyoda suvosti kemalarini eng tez qurish imkoniyatiga ega davlat hisoblanadi.
Keyingi o‘rinlarda Eron va KXDR
To‘rtinchi o‘rinni Eron 25 ta suvosti kemasi bilan egallagan. Mamlakat asosan dizel-elektr suvosti kemalari hamda Fors ko‘rfazi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozida harakat qilishga mo‘ljallangan kichik hajmli submarinalarga tayanadi.
Beshinchi o‘rinda 24 ta suvosti kemasiga ega Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) joylashgan. Uning flotidagi kemalarning aksariyati eski bo‘lsa-da, mamlakat o‘zining ilk atom suvosti kemasini yaratish ustida ish olib borayotgani ta’kidlanadi.
Yaponiya va Janubiy Koreya ham flotini kuchaytirmoqda
Yaponiya 23 ta suvosti kemasi bilan oltinchi o‘rinni egalladi. Mamlakatning eng yangi Taigei sinfidagi kemalari litiy-ion akkumulyatorlari bilan jihozlangan bo‘lib, bu ularning suv ostida uzoqroq muddat yashirin harakatlanish imkoniyatini oshiradi. Tokio kelgusida ushbu turdagi yana o‘nta submarina qurishni rejalashtirgan.
Yettinchi o‘rinda 22 ta suvosti kemasiga ega Janubiy Koreya qayd etilgan. Mamlakat asosan o‘z ishlab chiqarishi bo‘lgan Son Won-il va Dosan Ahn Changho sinfidagi dizel-elektr submarinalardan foydalanadi hamda milliy atom suvosti kemasi dasturini rivojlantirishga sarmoya kiritmoqda.
Raqamlar hamma narsani anglatmaydi
Mutaxassislar ta’kidlashicha, suvosti kemalarining umumiy soni harbiy salohiyatni to‘liq aks ettirmaydi. Masalan, AQSh floti to‘liq atom suvosti kemalaridan iborat bo‘lsa, KXDR ko‘proq eski va kichik hajmli submarinalarga tayanadi. Shu bilan birga, Xitoy qurilish sur’atlarini jadal oshirayotgan bo‘lsa, Hindiston, Janubiy Koreya va KXDR ham o‘z atom suvosti kemalarini yaratish dasturlarini amalga oshirmoqda.
Tahlilchilar fikricha, ushbu loyihalar amalga oshirilishi natijasida kelgusi o‘n yil ichida dunyodagi eng yirik suvosti flotlari reytingi sezilarli darajada o‘zgarishi mumkin.
Dunyoda eng ko‘p suvosti kemasiga ega davlatlar ma’lum bo‘ldi
09:1813 5634 min
2026 yilda suvosti flotlari bo‘yicha tuzilgan jahon reytingida AQSh va Rossiya birinchi o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, Xitoy so‘nggi yillarda suvosti kemalarini qurish sur’ati bo‘yicha barcha davlatlarni ortda qoldirib, ushbu sohada eng jadal rivojlanayotgan mamlakat sifatida qayd etildi.











