Amerika prezidenti Tramp o‘tgan hafta Kongressga yozgan xatida Erondagi urush tugagani haqida aytgandi. Chindan Vashington va Tehron Pokistonda o‘tkazgan muzokaralardan keyin ikki tomon ham o‘t ochishni to‘xtatdi. Tramp Eronga shunaqa tahdidlar qildiki, bunaqa gaplardan keyin eronliklar qayergadir raketa otishini tasavvur qilish qiyin bo‘lib qoldi.1
Amerika ham, Isroil ham «Eronning harbiy qudrati yo‘q qilingani, ular ortiq raketa ishlab chiqara olmasligini» aytishgandi. Buni qarangki, forslarning «urug‘likka asrab qo‘ygan» raketalari bor ekan, ular bilan BAAdagi neft obektlarini nishonga olishdi. Shuningdek, Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozida «kemalarni qutqarish operatsiyasi» e’lon qilganidan bir kun o‘tib bu suvlikdagi tijorat kemalari hujumga uchradi. Bu voqealar fonida urush qaytalanishi xavfi ortdi.
Nima bo‘ldi o‘zi?
Demak, dushanba kuni Eron BAAdagi neft obektlariga zarba berdi, katta yong‘in chiqdi. Arablar «Eronga javob berilishini» aytishdi, lekin tabiiyki, hech qanday javob bera olishmadi. O‘zi arablarning Eronga javob beramiz deganini «AQShga aytamiz, ular biz uchun javob beradi» deb tushunish kerak, ular to‘g‘ridan to‘g‘ri Eronga zarba berishi hozirgi reallikka to‘g‘ri kelmaydi.
BAAga hujumdan keyin Amerika Eronning oltita harbiy kateri yo‘q qilingani, savdo kemalari raketa tashuvchi esminetslar hamrohligida bo‘g‘ozdan olib chiqib ketilgani haqida xabar berdi. Bir so‘z bilan aytganda, Amerika va Eron yana urushib ketdi. Bu to‘qnashuvlar yana katta urush qaytalanishiga sabab bo‘ladimi? Mana shu hozir asosiy savol.
28 fevral kuni Amerika va Isroil Eronga qarshi keng ko‘lamli urush boshlagandi. Mart oyida Eron arab davlatlariga raketa otishi, Amerika Eronni bombalashi, forslarning harbiy kemalarini yo‘q qilishi yangilik emasdi. O‘sha vaqtlar katta urush ketayotgandi va kechagi voqealar juda oddiy qabul qilinardi. Lekin hozir amalda sulh davom etmoqda, tomonlar go‘yoki muzokara stolida. Tramp Eron «tavbasiga tayangani», endi raketa ishlab chiqara olmasligini aytdi. Amerika prezidentining gaplaridan endi Eronda ikki qo‘lini ko‘tarib taslim bo‘lishdan boshqa yo‘l qolmagandek edi. Va mana shunday hammasi tinchigandek ko‘rinayotgan bir vaqtda Eron mana senga deb arab davlatidagi neft obektini nishonga oldi.
Bu nimadan dalolat?
Eron va Amerika yana otishni boshlagani avvalo muzokaralar hech qanday samara bermaganini ko‘rsatadi. Eron bilan muzokaralarda ham Amrika tomonidan Rossiya va Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralardan o‘ta muvaffaqiyatsiz ishtirok etgan kuchsiz tarkib ishtirok etdi: prezidentning kuyovi Jared Kushner, prezidentning milliarder do‘sti quruvchi Stiv Uitkoff. Ularga vitse-prezident Vensni boshliq qilib qo‘yishdi xolos. Bir urushni tugatish bo‘yicha muzokarada qatnashib hech nima qila olmagan odamlardan boshqa urushni tugatish bo‘yicha diplomatik mo‘jiza kutib bo‘lmasligi aniq edi.









